2019-yilning 5-fevral kuni O‘zbekistonning AQShdagi elchixonasida O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi hamda Webster universiteti o‘rtasida ta’lim xizmatlarini taqdim etish to‘g‘risidagi Bosh kelishuvni imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi TIV matbuot xizmati xabar berdi.

Foto: Kommersant.uz

Kelishuvning imzolanishi O‘zbekistonda Amerika universitetining birinchi, doimiy filialining ochilishidan dalolatdir.

Tadbirda Davlat departamenti, Ta’lim departamenti, USAID, Xalqaro Ta’lim bo‘yicha Amerika kengashi, Jahon Banki, XVJ, AQShning ta’lim va tahlil doiralari vakillari ishtirok etdi.

Tantanada AQShga ishchi tashrif bilan borgan bosh vazir o‘rinbosari Tanzila Norboyeva, bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Sherzod Kudbiyev va “Uztekstilprom” uyushmasi raisi Ilhom Haydarov ishtirok etdi.

Webster universiteti O‘zbekistonda MDH mamlakatlaridagi birinchi to‘laqonli filiali bo‘ladi. Unda biznesni boshqarish, marketing va tadbirkorlik, kompyuter fanlari, jurnalistika va media soha, sog‘liqni saqlash, STEM-ta’lim va innovatsiyalar hamda boshqa sohalarda bakalavr va magistraturaning barcha dasturlari to‘liq tarkibda o‘qitiladi.

Toshkent shahrida AQShning Webster universiteti filiali ochilishi haqida prezident Shavkat Mirziyoyevning 2018-yilning 20-sentabr kuni Nyu-Yorkda bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston—AQSh biznes forumida kelishuv imzolangandi.