AQSh qo‘llab-quvvatlovchi Suriya demokratik kuchlari IShID terrorchilarini sharqiy Suriyaning oxirgi hududidan chiqarib yuborish uchun “yakuniy jang” boshlanganligini ma’lum qildi. Bu haqda AFP xabar bermoqda, deb yozadi “Korrespondent.net”.

Foto: “MK.ru”

Turli harbiy hujum operatsiyalari natijasida terrorchilar endilikda sharqiy Suriyaning faqat bir hududi Deyr-Az-Zorni nazorat qilmoqda.

Suriya demokratik kuchlari jangchilari fuqarolarning qochishiga imkon yaratish uchun taxminan bir haftaga operatsiyani to‘xtatgan va 9-fevral, shanba kuni hujum yangilanganligini e’lon qilgan edi.

Suriya kuchlari ma’lumotlariga ko‘ra, hududda hamon 600 jangari bo‘lishi mumkin. Ulardan aksariyati xorijliklardir.

Suriya demokratik kuchlari Deyr-Az-Zorda IShIDga qarshi operatsiyani 2018-yilning sentabrida boshlagan edi. Bu vaqt davomida 1 200 dan ortiq jangari, demokratik kuchlarning 670 dan ortiq jangchisi va 400 ga yaqin fuqaro halok bo‘lgan.

IShID ekstremistik guruhi jahonning bir qator mamlakatlari va xalqaro tashkilotlar tomonidan “terrorchilik tashkiloti” deb topilgan.