1953-yil 7 yoshli ispan bolakay Markos Pantoxa (Marcos Pantoja) yovvoyi tabiat ichida bir o‘zi tirik qolishga majbur bo‘ldi. U hayvonlar, ayniqsa bo‘rilar bilan birga yashagan davrda xatto gapirishni ham esidan chiqarib qo‘ygan. Odamlar orasiga qaytganida esa ortiq bu jamiyatga moslasha olmasligini anglagan.

Foto: Tjournal

Ilgari Markosning haddan ortiq hayoliy o‘tmishini eshitgan va jamiyatda yashash uchun zarur bo‘lgan oddiy ijtimoiy ko‘nikmalarni bilmasligini sezgan odamlar uning ustidan ko‘p kulgan, tahqirlagan va kalaka qilgan. Yillar o‘tgani sari uning o‘tmishi haqidagi hikoyalar juda ko‘p joylarda ovoza bo‘lib ketdi. Lekin Markos “o‘zining vatani”ni tashlab, odamlar orasiga qaytganidan afsuslanadi. U o‘z o‘tmishini The Guardian nashri bilan bo‘lishdi.

Tog‘lar orasiga qoldirilgan bolakay

Markos Pantoxa 1946-yil janubiy Ispaniya qirg‘oqlaridagi kichik qishloqda tug‘iladi. Oilada undan tashqari yana ikki o‘g‘il bo‘lib, ota-onasi Melhor va Araseli juda og‘ir ahvolda qoladi: fuqarolar urushi va Ikkinchi jahon urushi mamlakat iqtisodiyotini tang ahvolda qoldirgan edi. Oila ish izlab, Madridga yo‘l oladi. Markosning otasi u yerda g‘isht zavodga joylashadi, ammo biroz vaqt o‘tgach turmush o‘rtog‘i vafot etadi. Bunday yo‘qotishga ko‘nikolmagan Melhor yana uylanadi. Ikki o‘g‘lini qarindoshlarinikiga yuborib, o‘zi Markos va yangi turmush o‘rtog‘i bilan Kardenga ketadi.

U yerda to‘rt yoshli Markos cho‘chqa boqish bilan shug‘ullana boshlaydi: hayvonlarni boqish uchun mahalliy aholining uylaridan cho‘chqayong‘oq o‘g‘irlashiga to‘g‘ri keladi. Agar uyga kam cho‘chqayong‘oq olib kelsa, o‘gay onasi uni kaltaklardi yoki ovqat bermay, och qoldirardi. Oradan ikki yil o‘tgach, ularning uyiga bir kishi kelib, Melhor bilan gaplashib, Markosni hashamatli uyiga olib ketadi. U yerda bolakayni taomlar bilan siylashgach, haqiqatni aytishadi: otasi uni sotib yuborgan va endi u cho‘ponga yordamchilik qilishi kerak edi.

Britaniyalik antropolog Julian Pitt-Riversning aytishicha, 1950-yillarda Ispaniyaning janubiy hududlarida yashovchi aholi ko‘p hollarda farzandlarini pul evaziga cho‘ponlarga yordam berishga yuborgan. Lekin bola savdosi kamdan-kam uchragan. Markos Sierra-Morena tog‘idagi kichik bir g‘orga keltirilib, keksa cho‘ponga topshiriladi. Sierra-Morena tog‘i ko‘p sonli bo‘rilar va yovvoyi to‘ng‘izlari bilan mashhur. Qariya Markosni echki suti bilan boqadi va tuzoqlarni qanday qo‘yishni va olov yoqishni o‘rgatadi.

Kunlardan bir kun qariya ovga ketib, qaytib kelmadi. O‘rniga boshqa odam ham kelmadi — faqat ba’zan yer egalari kelib, echkilardan xabar olib ketishardi.

Bu vaqtga kelib, kichik Markos yangi hayotga moslashdi va yovvoyi hayot issiq uyidan ancha yaxshi ekanini his qildi. Uyida u doim kaltak yerdi, haqorat eshitardi, bu yerda esa u yolg‘iz. “Hatto eng dahshatli vaqtlarda ham tog‘da qolishni afzal ko‘rganman va uyga qaytmaganman,” – deydi Markos.

Yetti yoshli bola dastlab sut va baliq bilan oziqlandi. Keyin esa to‘ng‘izlardan ildizmevalar yeyishni, qushlardan esa butalardagi mevalarni yeyishni o‘rgandi. Qariyaning maslahatlari tufayli Markos quyonlarni tuzoqqa tushira boshladi, ularning qonidan esa daryoda baliqlarni chaqirish uchun ishlatdi. Yoshi ulg‘aygani sari yigitcha bug‘u va boshqa katta hayvonlarni ov qilishni o‘rgandi.

Darbadar bo‘lib yashayotgan Markos kunlardan bir kun olti-yetti yoshlardagi bo‘rilarga duch keladi. U bo‘rondan pana joy izlab, g‘orga kirgan bo‘ladi. G‘orning ichida bir nechta bo‘ri bolalar uxlab yotishganini ko‘rgan Markos holdan toyib ketgani uchun ularni yoniga yotib uxlaydi. Ona bo‘ri o‘lja bilan qaytganida, uni ko‘rib g‘ijirlaydi, ammo olib kelgan go‘shtidan yeyishiga ruxsat beradi.

Keyinchalik, u ilon va tulkilar bilan til topishadi, lekin to‘ng‘izlardan juda qo‘rqadi. Barcha hayvonlar bilan u alg‘ov-dalg‘ov va yarmi unutilgan so‘zlar orqali gaplashadi. The Guardian jurnalisti bilan bo‘lgan suhbatda Markos suhbatdoshining uslubiga taqlid qilishga urinib, asabiy va o‘ziga ishonmay muloqot qilgani ko‘zga tashlangan. Biroq, u hayvonlar bilan munosabati haqida ishonch bilan, aniq gapiradi.

Yovvoyi sharoitda Markos asosan qaddini bukib harakatlanishga odatlangan. Uni bu odatidan halos qilish uchun shifokorlar uning orqasiga maxsus taxta biriktirishiga to‘g‘ri keldi.

1965-yilning boshida politsiyaga Sierra-Morenada paydo bo‘lgan sochlari uzun, bug‘u terisiga o‘ranib olgan shubhali bir kishi haqida xabar berildi. O‘sha kezlari darbadar Markos daraxtlar soyasida meva yeb turganida ortidan uch nafar politsiyachi otda kelib, uni so‘roqqa tutganini eslaydi. U javob berishga urinib ko‘radi, lekin oxirgi marta odam zoti bilan gaplashganiga 10 yildan oshganini anglaydi. Qo‘rqib ketib, qochmoqchi bo‘ladi, lekin politsiya uni ushlab, eng yaqin sartaroshxonaga olib ketadi.

Sartarosh uning sochlarini olishga urinib ko‘rganida, Markos unga tashlanadi, shundan keyin politsiya aralashishga majbur bo‘ladi. “Yoki men, yoki u, deb o‘yladim,” – eslaydi Markos. Politsiya bu noma’lum shaxsni Kardenga olib borib, otasini topishga harakat qiladi. Bu ish amalga oshgach, politsiya tafsilotlarga qiziqib o‘tirmay, Melhordan o‘g‘li uyida olib qolishni xohlash-xohlamasligini so‘raydi.  Ota bu yangilikka befarq qarab, faqat yigit bir marta unga sovg‘a qilingan kurtkasini yo‘qotganidan shikoyat qiladi.

Foto: Tjournal

Shundan so‘ng politsiya Markosni shahar markaziga qo‘yib yuboradi. Keyin u ikkita cho‘ponga yo‘liqadi. Cho‘ponlar unga tunash uchun joy va ish taklif qiladi.  Bir necha kundan so‘ng 19 yoshli yigit o‘zining qadrdon tog‘lariga qaytadi. Bir yil o‘tib, ruhoniy Huan Galvezni uchratadi. Ruhoniy bu darbadar yigitga uyida yashashni taklif qiladi. U Markosga kiyinishni, dasturxon atrofida o‘zini qanday tutishni va so‘zlarni aniqroq talaffuz qilishni o‘rgatadi.

Shunda ham Markos imkon boricha yana tog‘ga qochib ketishni xohlaydi. Chunki u odamlar orasida o‘zini noqulay his qiladi. Mahalliy aholi Markos haqida gapirar ekan, u oddiy vino bokali, sigaret va shvabrani ko‘rib, qanchalar hayratlanganini aytadi. Birinchi marta radiodan taralayotgan ovozni eshitganida esa, “radioquti”ning ichida odam o‘tiribdi deb o‘ylaydi. Va o‘sha odamni qutidan “ozod qilaman” deb, apparatni sindiradi. Ichidan hech qanday odam chiqmagach, u odamni o‘ldirib qo‘ydim deb o‘ylaydi.

“Meni tushungunlaricha muloqot qildim, xatto tog‘da ham o‘zim bilan gaplashdim. Lekin odamlar uchun qiziq bo‘lgan narsalar haqida hech narsani bilmasligimni angladim. Men bilgan jamiki narsa – tog‘dagi hayot edi. Ammo menga hech kim ishonmadi.”

Markos Pantoxa

12 yil yovvoyi hayotda yashagan ispan

Testlar va moslashish jarayoni

Markos kemada sayr qilayotgan paytda, dengizchilardan birining oldiga borib, nega kemani bunchalik ko‘p suv o‘rab turganini so‘raydi. “Biz suvni qayiqqa bog‘lab qo‘yganmiz-da,” – kuladi dengizchi. Mana shunday gaplaridan keyin dengizchi sivilizatsiyaga qaytgan bu ispan yigit haqidagi g‘alati hikoyani biladi. 1967-yilda yigitni armiyaga jo‘natishadi, ammo mashqlar paytida u bilmasdan quroldan o‘q uzib, xizmatdoshini yarador qilib qo‘yishiga sal qoldi. Shundan keyin u uyiga jo‘natildi.

Odamlar bilan yashashga moslashish (adaptatsiya) yillarida Markos ishini ko‘p marta o‘zgartirdi: u bosh oshpaz yordamchisi, barmen, g‘isht teruvchi bo‘lib ishladi, xatto yo‘llarga asfalt ham yotqizadi. Ish beruvchilar Markos pul masalasida uquvsizligidan ko‘p bor foydalanishadi. U bir safar nashani dori deb o‘ylab sotadi. Odamlar unga o‘sha “dori” ini sotishini so‘rab murojaat qilishadi, u esa buni rozi bo‘ladi.

Qurilish maydonida u bilan birga ishlagan Xuan Font, uni sho‘x va kulgili, lekin juda sodda odam deb eslaydi.

“U juda yaxshi va mehnatkash odam. Biz hammamiz uni hurmat qilardik. U kuylashni yoqtirardi. Ovozi juda ham yoqimli edi. Lekin tog‘da yashagani haqidagi gaplarga ishonish qiyin bo‘lgan. Haddan tashqari fantastik,” – deydi Font.

Haqiqatan ham uning o‘tmishi haqidagi gaplarga uzoq vaqt hech kim ishonmaydi. Hamma uni shaharlik telba deb qabul qiladi. U ham hamma kabi yashashni, oila qurib, farzandli bo‘lishni xohlaydi.

Foto: tjournal.ru

1975-yilda Markos antropolog Gabriel Manila bilan tanishtirilganda, Malorka orolida hamma narsa o‘zgargan edi. U Markosning hamma gaplariga ishondi va olti oy davomida u bilan deyarli har kuni gaplashdi. Mutaxassis Manilaning iltimosi bilan necha marta Markosning oldiga bormasin, har safar bir xil faktlarni eshitib qaytdi. Manila intellektni tekshiruvchi bir nechta test o‘tkazib ko‘radi. Natijalar esa Markosning zehni bilan bog‘liq muammo yo‘qligini ko‘rsatadi. Lekin uning ruhiy va ijtimoiy rivojlanishi qachonlardir ota-onasi tashlab ketgan yetti yoshli bolanikidek qotib qolgan edi.

Darbadarning hayvonlar bilan “muloqoti” haqidagi o‘tmishiga olimlar shubha bilan qaraydi. Biolog Xose Ispana  bo‘rilar odam bilan yashashi mumkinligini aytadi. “Lekin Markos bo‘rilarni chaqirganida yoniga kelishiga ishonish qiyin. Ehtimol, Markosning qo‘lida yegulik bo‘lgan paytlari kelishgandir. Qolgan hollarda esa, faqat birgina sababga ko‘ra bo‘rilar unga zarar yetkazishmagan: u hech bir hayvonga tahdid qilmagan edi,” – deya ta’kidlaydi Ispana.

“Markosning ongida muloqotga bo‘lgan ehtiyoj mavjud edi. Shuning uchun u hayvonlarning unga yegulik sifatida qarayotganlarini to‘g‘ri talqin qilmay, ularni do‘st bo‘lishga urinayapti, deb o‘ylagan.”

Хоse Ispana

biolog

Yirtqichlar bilan 12 yil, odamlar orasida 50 yil

1980-yillarda Markos Ispaniyaning janubiy qismiga ko‘chib o‘tadi. U yerda yozish va o‘qishni talab qilmaydigan har qanday ishni qilib ko‘radi. Bo‘sh vaqtini barda ichimlik ichib, bor pulini o‘yinchoq avtomatga sarflab o‘tiradi. Markos bu paytlarni elas-elas eslaydi. Ehtimol, u Manuel Barandela ismli politsiyani uchratmaganida bunday hayot hali uzoq davom etgan bo‘larmidi…

1998-yil Barandela shaharga kelib, Markosni uchratadi. Markos bu paytlari tashlandiq bir binoning boloxonasida yashayotgan edi. Politsiya u bilan gaplashadi, kitob sovg‘a qiladi va Galisiydagi uyiga olib ketadi. U yerda Markos dalada ishlay boshlaydi va o‘qishni o‘rganadi. Murabbiyi bilan til topishishga ko’p bor qiynaladi. Ba’zi paytlari politsiya uning biror narsa o‘rganishidan bor umidini uzadi ham. Ammo oxiri uni yosh boladek qabul qilishni boshlaydi.

2010-yil Markosning hayotida ikkita muhim voqea sodir bo‘ladi — Barandela vafot etadi, kinoteatrlarda esa Markosning hayotiga asoslangan “Bo‘rilar orasida” filmi namoyish etiladi. Kinokartina Gabriel Manilaning uzoq muddatli tadqiqotiga asoslanib, ispaniyalikning yovvoyi tabiat bilan aloqasini badiiylashtiradi va tezda mashhurlikka erishdi.

“Ba’zi detallar tushirib qoldirilgan, lekin menga bu film juda yoqadi. Har safar ma’yus tortganimda yoki uxlay olmaganimda, ushbu filmni tomosha qilaman,” — deydi Markos.

Foto: Tjournal

O‘zi ham kutmagan holda darbadar Markos yulduzga aylanadi. Uning oldiga televideniyedan, mahalliy va xorijiy gazetalardan jurnalistlar kelib, “bo‘ri-odam” haqida  rang-barang maqola va lavhalar tayyorlaydi. Notanish odamlar esa Markosning uyiga shunchaki tanishib, gaplashgani keladi. Unga Germaniya, AQSh va butun Ispaniya bo‘ylab muxlislaridan xatlar kela boshlaydi. Hatto unga bir maktabdan qo‘ng‘iroq qilib, o‘quvchilarga o‘zi haqidagi hikoyasini aytib beishni taklif qilishadi. U Sierra-Morena tog‘ining afsonasiga aylanadi.

Lekin Markos bir necha o‘n yillar avval uning hikoyalariga hech kim qiziqmagani, ammo 40 yil o‘tib mashhur bo‘lib ketganiga hayron qoladi. “Mana shu yillar davomida men umuman o‘zgarmadim,” – deydi Markos. Mana, 72 yoshga to‘libdi hamki, haligacha oila qurgani yo‘q. Murabbiyining o‘limidan so‘ng esa Galisiydagi 60 oilaga mo‘ljallangan kichik qishloqda yashashni davom ettirdi.

Markos ko‘p vaqtini tabiat qo‘ynida sayr qilish, barda dam olish, do‘sti bilan to‘ng‘iz ovlash yoki uyda televizor ko‘rish bilan o‘tkazadi.  Ba’zan unikiga notanish muxlislari kelib turadi: kimdir bu insonni qo‘llab-quvvatlashni xohlaydi, yana kimdir maslahat so‘rab yoki u bilan muloqot qilishni istab keladi. Mehmonlarning kelib-ketishi unga malol kelmaydi. Ammo baribir u haligacha odamzotni tushunmasligini tan oladi. 2018-yil mart oyida Markos tog‘larga qaytishni juda ham xohlashini, ammo endi iloji yo‘qligini aytgan.

“Endi vaziyat avvalgidek emas. Bilasanmi, ular (bo‘rilar) tog‘daligini bilasan, og‘ir nafasini eshitasan. Hatto bundan etlaring jimirlab ketadi. Ammo ularni ko‘ra olmaysan. Agar men uvillasam, ular javob qaytaradi, ammo endi yonimga kelmaydi. Endi mendan odam isi keladi. Atir isi keladi.”

Markos Pantoxa

12 yil yovvoyi tabiatda yashagan ispan