15-yanvar, seshanba kuni futbol bo‘yicha Osiyo Kubogining “B” guruhida 3-turning 2 ta bellashuvi nihoyasiga yetdi.
Falastin terma jamoasi guruh yetakchisi Iordaniya termasiga qarshi maydonga tushdi va o‘yinda hisob ochilmadi (0:0). Tomonlar 1 ochkodan bo‘lishib oldi.
Ikkinchi uchrashuv Avstraliya va Suriya terma jamoalari qarshiligi ostida kechdi. Murosasiz kechgan jangda Avstraliya terma jamoasi Suriya termasini 3:2 hisobida mag‘lub etdi.
1-bo‘limning 41-daqiqasida Aver Mabil o‘yindagi dastlabki golni kiritgan bo‘lsa (1:0), oradan 2 daqiqa o‘tib Suriya yarim himoyachisi Umar Harbin hisobni tenglashtirdi (1:1). Jamoalar qisqa tanaffusga yo‘l oldi.
54-daqiqada Kristofer Oikonomidis Suriya darvozasiga 2-golni urdi (2:1). 80-daqiqada esa Umar as-Soma penaltidan unumli foydalanib, hisobni 2:2 ko‘rinishiga olib keldi. O‘yinning so‘nggi daqiqalarida Tomas Rogich raqib darvozasini ishg‘ol qilib, yakuniy nuqtani qo‘ydi va uchrashuv qahramoniga aylandi.
Shu tariqa Avstraliya terma jamoasi guruh bahslari yakuniga ko‘ra, 4 ochko to‘plab, pley-off yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi.
3-turdan so‘ng musobaqaning “B” guruhidagi holat:
Endi Avstraliya terma jamoasi pley-offda “F” guruhida 2-o‘rinni olgan terma jamoa bilan to‘qnash keladi. Ma’lumki, “F” guruhida O‘zbekiston terma jamoasi ham bor. Ektor Kuper shogirdlari ayni damda 6 ochko jamg‘arib, Yaponiyani to‘plar nisbati evaziga ortda qoldirib, guruhda peshqadam bo‘lib turibdi. Agar O‘zbekiston Yaponiyani yutsa yoki durang qayd etsa, Avstraliya bilan kunchiqar yurt vakilari “sokkerouzlar” bilan o‘ynashiga to‘g‘ri keladi. Mabodo, mag‘lubiyat qayd etilsa, aksincha bo‘ladi.
Osiyo Kubogi—2019
“B” guruhi, 3-tur
15-yanvar, seshanba
Falastin—Iordaniya 0:0
Avstraliya—Suriya 3:2
Gollar: 1:0 — 41 Mabil, 1:1 — 43 Harbin, 2:1 — 54 Oikonomidis, 2:2 — As-Soma, 3:2 — 90 Rogich.Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @daryo_sport’ga obuna bo‘ling!
Izoh (0)