“Urgut” erkin iqtisodiy zonasida faoliyat boshlagan “O‘zeltexsanoat” uyushmasi tarkibiga kiruvchi Ideal Elektro lyuks korxonasi elektr duxovka, gaz va elektr plitalar ishlab chiqarmoqda. Joriy yilda 4 million dollarlik maishiy texnika vositalarini xorijga eksport qilishi rejalashtirilgan, deb yozadi O‘zA.

Foto: O‘zA

Ideal Elektro lyuks korxonasi hozirga qadar Samarqand shahrida faoliyat yuritayotgan bo‘lib, loyihaning dastlabki natijalari samarali amalga oshirilayotgan edi. Shu bois ishlab chiqarish tarmog‘ini kengaytirish va eksportbop mahsulotlarni ishlab chiqarishga zarurat paydo bo‘ldi.

Shu maqsadda “Urgut” erkin iqtisodiy zonasida eksportga mo‘ljallangan, “o‘zbek” milliy brendi ostida yuqori sifatli mahsulotlar tayyorlash va jahon bozoriga olib chiqishga ixtisoslashgan ikkinchi korxona 2018-yilning dekabr oyi oxirida ishga tushdi.

Loyihaning umumiy qiymati 2 million dollar bo‘lib, korxona yiliga 60 ming dona elektr duxovka va gaz plitalari ishlab chiqarish quvvatiga ega. Mahsulotlarning 30 foizini eksportga yo‘naltirish mo‘ljallanmoqda. Korxonada yaratilgan 120 ta yangi ish o‘rnining aksariyatini kasb-hunar kollejlarini bitirgan yosh mutaxassislar band etdi.

Xorijning eng zamonaviy texnologik liniyalari bilan jihozlangan korxonada bugun loyihaning keyingi bosqichini hayotga tatbiq etish ustida ish olib borilayapti. Bu import o‘rnini bosuvchi tayyor mahsulotlar ishlab chiqarishni bir necha barobar oshirish, ichki bozorni arzon va yuqori sifatli maishiy texnika vositalari bilan to‘ldirishga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.