Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parkini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi Hukumat qarori qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligining Telegram’dagi “Huquqiy axborot” kanali xabar berdi.

Foto: Google Images

Qarorga ko‘ra, Hindistonning ilg‘or tajribasi asosida Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parki tashkil etiladi.

Xabarda aytilishicha, Texnoparkning asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilangan:

  • axborot texnologiyalari sohasida yangidan ish boshlagan va kichik korxonalarga startap-loyihalarini amalga oshirishda, innovatsiya faoliyati natijalarini tijoratlashtirishda, venchur moliyalashtirish asosida ko‘maklashish;
  • yuqori texnologiyali mahsulot va xizmatlarni ishlab chiqarish tarmog‘ini amalga oshirish uchun ilmiy, ta’lim va ishlab chiqarish tashkilotlari faoliyatini integratsiyalash;
  • axborot texnologiyalari sohasida yuqori malakali mutaxassislar sinfini yaratish maqsadida yosh mutaxassislarni o‘qitish;
  • mahorat darslari, treninglar va malaka oshirish kurslari, shuningdek, ilmiy-amaliy konferensiyalar va seminarlar o‘tkazish.

Texnopark dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parki direksiyasi tomonidan boshqariladi.