Bugun,

  • USD 11095.31
  • RUB 173.84
  • EUR 10772.44

ShHT bosh kotibi Vladimir Norov mas’uliyatli yangi lavozimidagi faoliyati, tashkilotga a’zo davlatlar o‘rtasida ko‘p qirrali hamkorlikni yanada mustahkamlash borasida amalga oshirilajak sa’y-harakatlar haqida O‘zA muxbiriga intervyu berdi.

Foto: O‘zА

Foto: O‘zА

– Prezident Shavkat Mirziyoyev bilan uchrashuv chog‘ida bildirilgan takliflar Shanxay hamkorlik tashkiloti bosh kotibi sifatidagi kelgusi uch yillik faoliyatim uchun juda muhim. Davlat rahbari O‘zbekistonning ShHTdek nufuzli tashkilotning mas’uliyatli lavozimiga tayinlangan birinchi vakili ekanimni alohida ta’kidladi. Bu ishonch menga Sindaoda ShHTga a’zo boshqa davlatlar rahbarlari tomonidan ham bildirildi. Kelgusida o‘z bilim va tajribamni ushbu ishonchni oqlashga, a’zo davlatlar manfaatlarini himoya qilishga qarataman.

Bosh kotib sifatida ShHT faoliyatida erishilgan an’analarga, tashkilot xartiyasi va Shanxay ruhiga rioya qilish, a’zo davlatlar o‘rtasida ko‘p qirrali hamkorlikni rivojlantirishga yo‘naltirilgan konseptual hujjatlarni hayotga joriy etish faoliyatimning asosiy tamoyiliga aylanadi.

2018-yildan Hindiston va Pokiston ShHTda teng huquqli a’zo sifatida ishtirok eta boshladi. Ushbu davlatlarga qabul qilingan hujjatlar va ShHTning 30 ga yaqin ishchi organi faoliyatiga qo‘shilishga ko‘maklashish kotibiyatning muhim vazifasi hisoblanadi. Chunki ushbu yangi a’zolar Shanxay hamkorlik tashkilotining nufuzini yanada oshirishda katta rol o‘ynaydi.

Bugungi kunda Afg‘onistonda tinchlik va barqarorlik o‘rnatish nafaqat ShHT makonida, balki Markaziy Osiyoda xavfsizlik va izchil taraqqiyotni ta’minlashda muhim omillardan. Prezident shu bois “ShHT — Afg‘oniston” muloqot guruhi faoliyatini rivojlashtirish, bu borada a’zo davlatlar bilan maxsus “Yo‘l xaritasi” ishlab chiqish zarurligini ta’kidladi. Pekinga borganimdan so‘ng ShHT kotibiyati va a’zo davlatlar muvofiqlashtiruvchilari bilan birga ushbu hujjatni ishlab chiqamiz.

O‘zbekiston tashabbusi bilan qabul qilingan ShHT davlat rahbarlarining Yoshlarga qo‘shma murojaatini ro‘yobga chiqarish, xavfsizlik sohasida Toshkentda joylashgan ShHT Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi bilan muvofiqlashtirilgan tadbirlarni o‘tkazishga e’tibor qaratamiz.

Bugungi kunda ShHT makonida ikki tomonlama iqtisodiy hamkorlik rivojlanmoqda, ammo ko‘p tomonlama investitsiyaviy dasturlar hanuzgacha amalga oshirilmagan. Prezident Sindao sammitida bu masalaga ham e’tibor qaratgan edi. Ushbu taklif davlatlar rahbarlari tomonidan qo‘llab-quvvatlandi. Endilikda uni amalga oshirish uchun zarur moliyaviy mexanizmlarni shakllantirish va undan samarali foydalanish talab etiladi.

Uchrashuvda transport kommunikatsiyalarini rivojlantirish, logistika markazlari tuzish, savdo-iqtisodiy hamkorlikka to‘sqinlik qiladigan ortiqcha tarif va standartlarni yengillashtirish masalalari ham muhokama qilindi. A’zo davlatlar mintaqalari o‘rtasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, qo‘shma klasterlar tashkil etish, fitosanitar sohasida umumiy standartlarni qabul qilish va “yashil koridor”larni rivojlantirish masalalariga e’tibor qaratildi.

 

Izoh
Asosiy yangiliklar
Iqtisodiyot
Korrupsiya darajasi, iqtisodiy erkinlik indeksi: O‘zbekistonning xalqaro reytinglardagi o‘rni qanday o‘zgarmoqda?
Dunyo
AQSH Yelsinning Ukraina haqidagi bayonotini maxfiylikdan chiqardi
Iqtisodiyot
O‘zbekistonda frilanserlik: ular qancha maosh oladi va nega ko‘paymoqda?