O‘zbekistonda ayrim fuqarolar tomonidan o‘q-dorilarning bojxona chegaralari orqali noqonuniy olib o‘tishga urinishlar ko‘zga tashlanmoqda. Bu haqda “Daryo”ga Bojxona qo‘mitasi axborot xizmati bosh inspektori Husan Tangriyev ma’lum qildi.
Jumladan, Toshkent viloyati bojxona boshqarmasining “Navoiy” chegara bojxona posti xodimlari huquqni muhofaza qiluvchi boshqa idoralar vakillari bilan hamkorlikda ushbu post hududidagi chiqindilar qutisiga noma’lum shaxs tomonidan 2 dona PM-49 rusumli gaz to‘pponchasi tashlab ketilganini aniqlandi. Hozirda topilgan qurollar egasini aniqlash yuzasidan tezkor qidiruv va surishtiruv jarayoni davom ettirilmoqda.
Mazkur post xodimlari aniqlagan yana bir qonunbuzilish holatida esa qo‘shni davlatdan kirib kelgan fuqaro B.R.ga tegishli avtomashina belgilangan tartibda bojxona ko‘rigidan o‘tkazilganda, avtomashina salonining pol qismidan yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasida yozib ko‘rsatilmagan va og‘zaki so‘rov davomida aytilmagan, polietilen idishga solingan, umumiy og‘irligi 10 kilogramm 4 millimetrli ov miltig‘i sochma o‘qlarini respublikaga olib o‘tayotganligi aniqlandi.
“G‘ishtko‘prik” chegara bojxona posti xodimlari tomonidan huquqni muhofaza qiluvchi boshqa organlar vakillari bilan hamkorlikda ushbu postga kirib kelgan fuqaro G.Z.ning qo‘l yuklari orasidan bojxona xodimlarining og‘zaki so‘rovda taqdim qilinmagan hamda yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasida ko‘rsatilmagan 11 dona 12 kalibrlik gilza, 2 dona yelim idishda og‘irligi 3,2 kilogramm bo‘lgan qo‘rg‘oshin o‘qlar hamda 1 dona polietilen paketda 231 gramm bo‘lgan probkalar topildi.
Shu post xodimlari tomonidan qo‘shni davlatdan kirib kelgan fuqaro M.Ya. ga tegishli bo‘lgan Lacetti rusumli avtoulov xolislar ishtirokida bojxona ko‘rigidan o‘tkazilganida, avtoulov salon qismidagi magnitofon ostida joylashgan tortmasidan 1 dona 9 millimetrli, tashqi ko‘rinishidan Makarov to‘pponchasi uchun mo‘ljallangan jangovar o‘q borligi aniqlandi.
Toshkent xalqaro aeroportida ham bojxonachilar shunga o‘xshash holatni fosh qildi. Kaliningradga parvozi oldidan xorijiy fuqaro Ch.I. ning qo‘l sumkasi nazorat tartibida bojxona ko‘rigidan o‘tkazilganda, uning ichida bojxona nazoratiga taqdim qilinmagan va bojxona xodimining og‘zaki so‘rovida aytilmagan, deklaratsiyalanmagan jami 4 dona patron borligi aniqlandi.
Yo‘lovchi ushbu patronlarni go‘yoki esdalik sovg‘a sifatida olib ketayotganini ma’lum qilgan bo‘lsa-da, bu uni javobgarlikdan ozod qilmaydi.
Hozirda ushbu holatlar yuzasidan bojxona tekshiruvlari davom etmoqda.
Izoh (0)