Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi bosh mutaxassisi Shahnoza Tojiddinovaning ma’lumotlariga ko‘ra Respublika ma’naviyat va ma’rifat markazi Beruniy tumani bo‘linmasi, “Beruniy avlodlari” jamoat fondi, O‘zRFA va uning Qoraqalpog‘iston bo‘limi, Xorazm Ma’mun akademiyasi Beruniy tumani hokimligi hamkorligida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Beruniy tumanida Abu Rayhon Beruniy tavalludining 1045 yilligiga bag‘ishlangan“Buyuk qomusiy olimning innovatsion g‘oyalari va jahon sivilizatsiyasi rivojiga qo‘shgan hissasi” mavzusida ilmiy – nazariy konferensiyasi o‘tkazildi. Bu haqda “Daryo”ga Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi axborot xizmati xabar berdi.
Dastlab konferensiyaga tashrif buyurgan olimlar, ijodkor ziyolilar va ishtirokchilar buyuk bobomizning ramziy qabriga gul qo‘yishdi.
Shundan so‘ng, Beruniy tumanida Abu Rayhon Beruniyning yangi haykali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirga nafaqat yurtimizda faoliyat yuritayotgan olimlar balki chet davlatlarida ham Abu Rayhon Beruniy ilmiy ishlarini o‘rganib kelayotgan bir qancha professorlar taklif etildi.
Mehmonlardan biri Sidney universiteti professori Alison Betts ilmiy-nazariy konferensiyada: “Men dunyo tamadduniga o‘z hissasini qo‘shgan daho, buyuk alloma tug‘ilib o‘sgan yurtga tashrif buyurganimdan hamda Abu Rayhon Beruniy hayoti va ijodi, tavalludiga shuningdek, uning matematika, astronomiya, tarix, geografiya, geodeziya, filosofiya va boshqa ko‘plab fanlar rivojidagi o‘rnini o‘rganishga bag‘ishlangan ilmiy-nazariy konferensiyaga taklif etilganimdan benihoya xursandman.”
Eslatib o‘tamiz, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Beruniy tumanida tavalludining 1045 yilligi munosabati bilan buyuk alloma Abu Rayhon Beruniyga haykal o‘rnatilgani haqida xabar bergan edik.