Andijonda o‘tkazilgan xalq deputatlari viloyat kengashi sessiyasida suvdan oqilona foydalanish, suv tanqisligi oqibatlarini yumshatish, qishloq xo‘jaligi ekinlaridan mo‘l hosil yaratish bilan bog‘liq bir qator muhim masalalar muhokama etildi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.
Bu yil bahorning salqin va quruq kelishi paxta va boshqa qishloq xo‘jalik ekinlari yetishtirishda jiddiy muammolarni keltirib chiqarmoqda. Sessiyada viloyatda 267 ming gektar sug‘oriladigan ekin maydoni mavjudligi, ekin maydonlarini sug‘orish uchun bir yilda 3,1 milliard kubometr suv talab qilinishi, lekin hisob-kitoblarga ko‘ra, amalda 2,774 milliard kubometr suv bo‘lishi kutilayotgani, bu esa vegetatsiya mavsumida ekinlarni sug‘orishda muammolarni yuzaga keltirishi mumkinligi aytib o‘tildi.
Viloyatda suv zaxiralari va ulardan foydalanishning ahvoli, ekin yerlari, jumladan, paxta maydonlari uchun suvga bo‘lgan ehtiyoj, undan oqilona foydalanish, fermer xo‘jaliklari paxta maydonlarida sug‘orish tadbirlarining borishi hamda mavjud muammolarni bartaraf etish yuzasidan ko‘rilayotgan chora-tadbirlar xususida mutasaddi tashkilotlar rahbarlarining hisobotlari tinglandi.
Oliy Majlis Senatining Yoshlar siyosati va sport masalalari qo‘mitasi raisi I.Mirzaaliyev, Senatning Qonunchilik va sud-huquq masalalari qo‘mitasi raisining o‘rinbosari T.Madumarov fermer va dehqon xo‘jaliklari hamda tomorqa egalari duch kelayotgan muammolar yechimini topish, suvdan oqilona foydalanish bo‘yicha belgilangan chora-tadbirlar ijrosi yuzasidan deputatlik va jamoatchilik nazoratini ta’minlash mexanizmlari xususida so‘z yuritdi.
Sessiyada ko‘rilgan masalalar ijrosini ta’minlash bo‘yicha belgilangan chora-tadbirlarni samarali amalga oshirish, ana shu yo‘nalishdagi ishlarni yanada yuqori bosqichga ko‘tarish yuzasidan taklif, fikr va mulohazalar bildirildi.
Sessiyada ko‘rilgan masalalar, xususan, suvdan oqilona foydalanish bo‘yicha tegishli qaror qabul qilindi.
Izoh (0)