Andijon shahridagi viloyat qo‘g‘irchoq teatrida “Odam savdosi — davr muammosi” mavzusida ko‘rik-tanlov bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.
Viloyat xalq ta’limi boshqarmasi, Yoshlar ittifoqi viloyat kengashi hamkorligida o‘quvchi yoshlarning odam savdosi, uning ayanchli oqibatlari, ushbu illatning oldini olish borasidagi bilim va tushunchalarini boyitish, huquqiy savodxonligini yuksaltirish maqsadida o‘tkazilgan mazkur tanlovda uning tuman va shahar bosqichlarida g‘olib bo‘lgan jamoa hamda o‘quvchilar ishtirok etdi.
Tanlov qatnashchilari odam savdosining ayanchli oqibatlari namoyish etilgan sahna ko‘rinishi, “Odam savdosi — davr muammosi” mavzusidagi eng yaxshi insho hamda mavzuni eng yaxshi aks ettirgan musavvir yo‘nalishlari bo‘yicha o‘z bilim va mahoratlarini namoyish etdi.
Yakuniy natijalarga ko‘ra, sahna ko‘rinishi yo‘nalishi bo‘yicha Izboskan tumanidagi 34-umumta’lim maktabi jamoasi, insholar tanlovida Baliqchi tumanidagi 14-umumta’lim maktabi o‘quvchisi Mohlaroy Akbarova, musavvirlik yo‘nalishi bo‘yicha Xo‘jaobod tumanidagi 7-umumta’lim maktabi o‘quvchisi O‘g‘iloy Tojiboyeva g‘olib deb topildi.
G‘olib va sovrindorlar tanlov tashkilotchilari tomonidan faxriy yorliq hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Izoh (0)