Chempionlar Ligasining nimchorak finalida duch kelgan “Chelsi” va “Barselona” klublarining Londondagi to‘qnashuvida g‘olibni aniqlashning imkoni bo‘lmadi — 1:1.
Lionel Messi va nihoyat “Chelsi” darvozasiga yo‘l topdi. Ammo o‘yinda kataloniyaliklar g‘olib chiqa olmadi
O‘yin qiyin bo‘lishini bilardik. Mezbonlarning himoyaviy o‘yini sabab, bizga oson bo‘lmadi. “Chelsi” Yevropaning eng yaxshi jamoalaridan biri, “Barselona” esa unga qarshi yomon o‘ynamadi. Aytishim kerakki, takroriy o‘yin ham murakkab bo‘ladi.Andres Inyesta, “Barselona” sardori
Inyesta bellashuvda katta rol o‘ynadi — u Messi tomonidan urilgan golga pas berdi. Mezbonlar safidan esa Villian goli bilan yodda qoldi.
Gol urgunimdan xursandman. Biroq gol o‘tkazib yuborganimiz alam qildi, biz g‘alabaga haqliroq edik. Chunki raqib to‘pni olib yurgan bo‘lsa-da, golli vaziyatlarda biz oldinda edik. Endi safarda ham kamida shunday futbol ko‘rsatishimiz kerak.Villian, “Chelsi” a’zosi
Antonio Konte futbolchilaridan xursand. Biroq tayyor g‘alaba qo‘ldan boy berilgani unga alam qilgani ko‘rinib turibdi.
Futbolchilarim bilan faxrlanaman. “Barselona” biz ular uchun tayyorlab qo‘ygan rejadan biroz chiqib ketdi, faqatgina shu tomondan omadimiz kelmadi. Vaholanki, “Chelsi” ideal o‘yinga ancha yaqin kelgandi. Biroq birgina xato bo‘ldi baribir... Messi, Inyesta, Suares kabi futbolchilari bor jamoaga qarshi o‘sha 1 ta xato qanchalik qimmatga tushishini barchamiz yaxshi bilamiz. “Chelsi” 1:1 dan ko‘prog‘iga haqli edi.Ha, bugun Kristensen ajoyib o‘yin ko‘rsatdi, menimcha u bellashuvning eng yaxshi futbolchisi. Bor-yo‘g‘i 21 yoshda bo‘lsa ham, o‘zini yaxshi taraflama namoyon etmoqda.
Antonio Konte, “Chelsi” bosh murabbiyi
“Kamp Nou”dagi javob o‘yini borligi vajidan, “Barselona” ustozi durangdan rozidek ko‘rindi.
Umuman boshqa-boshqa uslubda o‘ynaydigan ikki jamoaning o‘zaro to‘qnashuvi bo‘ldi. Natija bizni qanoatlantiradi.Hujumchilarimiz doimo nazoratda turdi. “Chelsi” asosan qarshi hujumni o‘ylab harakat qildi va yaxshi himoyalandi. Biz esa o‘yinni nazorat qildik. Ammo golga tortadigan vaziyatlarni ko‘p yarata olmadik. Gol o‘tkazib yuborilgach esa, raqibni xato qilishga majburlay oldik.
Javob o‘yini oldidan ham tomonlar bir-birini hurmat qilishda davom etadi. Bu eksprimentlarni qo‘llab ko‘radigan o‘yin emas. Hammada yagona maqsad bor. Hozir “Chelsi”ning hujum chizig‘i yetarli darajada xavfli ko‘rindi. Raqib safida bizga ko‘ngilsizliklar taqdim etishi mumkin bo‘lgan futbolchilar yetarlicha.
Ernesto Valverde, “Barselona” bosh murabbiyi
“Barselona” tarbiyalanuvchisi, bu jamoa muxlislari orasida katta obro‘ga ega bo‘lgan va Londonning ikki yetakchi klubidagi o‘yinlari bilan inglizlar mehrini qozongan Sesk Fabregas javob o‘yinida “Chelsi” qanday harakat qilishi kerakligini tushuntirdi. Chunki jamoada “Kamp Nou” haqida undan ham yaxshiroq biladigan yana kimnidir topish biroz mushkul. Albatta, Pedroni inobatga olmaganda.
Chindan ham juda afsusdaman. Menga o‘yin uchun tuzilgan rejani to‘liq ado etayotgandek bo‘lib ko‘rindik. Bir jamoa bo‘lib o‘ynadik, ko‘p imkoniyatlar yarata oldik. Villianning o‘zi xet-trik qayd etishi mumkin edi. Biroq afsuski, natija o‘yinimizga mos bo‘lmadi.Shunday bo‘lsa-da, to‘qnashuv taqdiri hali hal bo‘lganicha yo‘q. Yo‘limizda davom etishimiz uchun “Kamp Nou”da ham xuddi shunday futbol ko‘rsata olishimiz kerak. Garchi mehmonda o‘ynasak ham, hujum qilishimiz lozim. Chunki “Barselona” stadionida 90 daqiqa himoyada o‘ynash, o‘z-o‘zini ko‘mish bilan tengdir.
Sesk Fabregas, “Barselona” a’zosi
Javob bellashuvi 14-mart kuni bo‘lib o‘tadi. “Stemford Brij”dagi o‘yinni “Chelsi”ning sobiq ustozi Karlo Anchelotti tomosha qilib bordi. So‘nggi jamoasi “Bavariya” bo‘lgan mutaxassisning o‘zi bu haqda ma’lumot berdi. “Suonsi”dan iste’foga chiqqan yordamchisi Pol Klement ham shu kuni Londonda Anchelotti bilan birga edi. Ular javob o‘yinini tomosha qilish uchun Kataloniyaga ham boradimi yoki Antonio Kontening iste’fosi yaqinmi — aniq ma’lumotlarning o‘zi yo‘q.
Intense Champions League game tonight at Stamford Bridge. Great to see the match with my friend Paul Clement. #UCL pic.twitter.com/kgM2ZdZ3jD
— Carlo Ancelotti (@MrAncelotti) February 20, 2018
Izoh (0)