O‘FA birinchi vitse-prezidenti Umid Ahmadjonov O‘zbekiston milliy terma jamoasining Senegal hamda Marokashga qarshi o‘yinlari garchi o‘rtoqlik maqomida bo‘lsa-da, biz uchun katta ahamiyat kasb etishini alohida ta’kidladi, deb yozdi tashkilot matbuot xizmati.
O‘rtoqlik o‘yinlari taktik tayyorgarlik, futbolchilarni sinovdan o‘tkazib olish uchun kerak bo‘lgan jarayon. Biroq bilamizki, oldinda O‘zbekiston milliy terma jamoasini Osiyo Kubogiga qadar rasmiy o‘yinlar kutmayapti. Shunday ekan, Senegal va Marokashga qarshi o‘yinlar nega kerak degan savollarga duch kelmoqdamiz.Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoyev barcha sohada oldimizga faqat maksimum vazifalarni belgilab berganlar. Aytaylik, shu kungacha federatsiya o‘rtoqlik o‘yinlariga jiddiy e’tibor qaratmagani, raqiblar tanlash masalasi islohotga muhtoj bo‘lganini hammamiz yaxshi bilamiz. Shundan kelib chiqib, qo‘l uchida o‘yin tashkil qilishni istamadik va Jahon Chempionatiga tayyorgarlik ko‘rayotgan kuchli termalar bilan kelishuvga erishdik. Asosiy maqsadimiz kimnidir sinovdan o‘tkazish yoki shunchaki maydonga chiqish emas, O‘zbekiston futbolining obro‘sini sekin-astalik bilan ko‘tarish. FIFA kunlarida O‘zbekiston milliy terma jamoasining qay saviyadagi raqiblar bilan o‘ynashi, biz haqimizda xalqaro maydonda fikr shakllantiradi.
Demak, garchi o‘rtoqlik o‘yini bo‘lsa-da, futbolchi va murabbiylardan o‘yinga borlarini berishni talab qilamiz. Bellashuv o‘tdi-ketdi qabilidagi qarashlar bo‘lmaydi, termaga nafaqat biz yoki qandaydir murabbiy, O‘zbekiston futbolidagi hamma birdek javobgar bo‘ladi.
Umid Ahmadjonov, O‘FA birinchi vitse-prezidenti
O‘zbekiston milliy terma jamoasi 23-mart kuni Kasablanka shahrida Senegalga qarshi saf tortsa, oradan to‘rt kun o‘tib — 27-mart kuni shu shaharda Marokashga qarshi bellashuv bo‘lib o‘tadi. Avvalroq terma jamoa bosh murabbiyi vazifasini bajaruvchi Timur Kapadze 30 futbolchidan iborat kengaytirilgan tarkibni ma’lum qilgandi.
Superliga murabbiylari muhim pallalarda turgani uchun, biz avvaliga ularni bezovta qilishni istamadik. Masalan, Ro‘ziqul Berdiyevning bor e’tibori “Nasaf”ning OChLdagi o‘yiniga qaratilgan. Endi esa kengaytirilgan tarkib aniq, Kapadze topshiriqqa ko‘ra bu tarkibni Superliga murabbiylari bilan maslahatlashib tuzib chiqdi. Biroq ularning 23 nafari Marokashga yo‘l oladi. Shuningdek, murabbiylar kengashi ham Marokash va Senegalga qarshi o‘yinlarda terma jamoa a’zolari bilan birga bo‘ladi. Demak, navbatdagi qadamni qo‘yish vaqti keldi.20-fevraldan e’tiboran milliy terma jamoada murabbiylar kengashi ish boshlaydi. Futbolchilarning tayyorgarligidan tortib, taktik va nazariy ko‘rsatmalarga qadar Kapadze Superliga mutaxassislari bilan bamaslahat ish qiladi. Bizga berilgan topshiriqqa ko‘ra, vatan manfaati uchun hammamiz bir yoqadan bosh chiqarib ishlashimiz kerak. Milliy terma jamoa butun O‘zbekiston xalqining e’tiborida turadi. Shunday ekan, O‘zbekistondagi barcha yetakchi murabbiylar uning buguni va kelajagi haqida qayg‘urishi shart. Mirjalol Qosimovdan tortib, Ro‘ziqul Berdiyevgacha, Yelichichdan tortib, o‘tgan yili o‘zini ko‘rsatgan No‘’mon Hasanov, Ulug‘bek Baqoyev, Ilhom Mo‘minjonovga qadar — hamma ishga kirishadi. Ya’ni, oldindagi o‘yinlarga jalb qilingan futbolchilarning funksional holatidan tortib, maydondagi o‘rniga qadar fikrlar jamlanadi. Bu murabbiylik sohasiga endigina kirib kelayotgan Kapadze uchun juda muhim. O‘zaro suhbatimizda ham u qolgan mutaxassislar yordami unga zarurligi haqida aytib o‘tgandi.
Vaqti kelib, O‘zbekiston milliy terma jamoasini to‘la-to‘kis ishonib topshirish mumkin bo‘lgan va sutkada 24 soat milliy terma haqida o‘ylaydigan tajribali mutaxassisni olib kelamiz. Avval ma’lum qilinganidek, u murabbiy terma jamoasi bilan Jahon Chempionatida ishtirok etib bo‘lganidan keyin yurtimizga tashrif buyuradi. U kelguniga qadar esa murabbiylar kengashi chiqargan umumiy qaror amalda bo‘ladi. Har kim o‘z klubini o‘zi istaganidek boshqarishi mumkin, ammo milliy terma jamoa haqida gap ketganida, hamma bitta maqsad yo‘lida ishlaydi.
Umid Ahmadjonov, O‘FA birinchi vitse-prezidenti
O‘zbekiston termasi Senegal va Marokashga qarshi o‘yinlarda ishtirok etib ulgurmagan. Bu bellashuvlar bosh jamoa uchun yangi chaqiriq deyish mumkin.
Futbolchilar bilan ham alohida gaplashamiz. Bu o‘rtoqlik o‘yini-ku degan fikr hech kimda bo‘lmasligi kerak. O‘zbekiston bayrog‘i ostida maydonga chiqib keladigan sportchi u qanday musobaqa bo‘lmasin, bor kuchini beradi. Terma jamoa a’zosi yo o‘zini yuz foiz ayamasdan to‘p suradi yoki termada boshqa ko‘rinish bermaydi. O‘zbekiston nafaqat sport sohasida, balki qolgan sohalarda ham jahonda o‘z o‘rniga ega bo‘lishga harakat qilyapti, demak, qarashlarimiz ham endi shunday bo‘ladi.O‘FA terma jamoalar boshqarmasi navbatdagi rejalarni tuzib chiqishga kirishgan. Ayni vaqtda Superliga mutaxassislari va terma jamoa shtabi o‘rin olgan murabbiylar kengashi tashkil qilindi. Uning ish rejasi, ishtirokchilarning vazifalari, mashg‘ulotlar, nazariy va amaliy ko‘nikmalar hamjihatlikda shakllantiriladi.Prezidentimiz Shavkat Miromonovich bizdan talab qilayotgan jihat aynan mana shu. 2—3 yil shu ko‘rinishda ishlaymiz, mehnat qilamiz va ortga qadam tashlash haqida o‘ylamaymiz. Umid qilamanki, biz hali aslida qanday kuchga ega ekanimizni hammaga ko‘rsatib qo‘yamiz.
Umid Ahmadjonov, O‘FA birinchi vitse-prezidenti
Izoh (0)