Futbolchi Yu Kuboki O‘zbekistonga vizasiz kiritilgan ilk yaponiyalikka aylandi, deb yozdi “Championat.asia” nashri. U Toshkentga “Neftchi” safida ko‘rikdan o‘tish uchun tashrif buyurgandi.
Yu Kubokini Toshkent xalqaro aeroportida Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi Aziz Abduhakimovning o‘zi kutib olgan. Yaponiyalik mehmonga avval milliy to‘n kiydirilgan. Keyin esa suviner hamda O‘zbekistonni eslatib turuvchi maxsus sovg‘alar ulashilgan.
Shu yilning 2-fevral kuni Prezidenti Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonning turistik salohiyatini rivojlantirish uchun qo‘shimcha tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risidagi qarorni imzolagan bo‘lib, unga ko‘ra 2018-yilning 10-fevralidan e’tiboran Turkiya, Yaponiya, Koreya Respublikasi, Malayziya, Indoneziya, Singapur va Isroil fuqarolari 30 kun davomida mamlakat hududida vizasiz harakatlanish imkoniga ega bo‘lishi ko‘zda tutilgandi.
Mana shu qaror kuchga kirishi bilan Yu Kuboki o‘zi ham bilmagan holda Toshkentga kelgan ilk yaponiyalikka aylandi. “Neftchi” uni o‘z safiga qo‘shib oladimi yoki yo‘q — hozircha ma’lum emas.
Izoh (0)