O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 19—20-yanvar kunlari Surxondaryo viloyatida bo‘lgandi. Tashrif davomida 19-yanvar kuni Qiziriq tumanida viloyat faollari ishtirokida yig‘ilish bo‘lib o‘tgan.

Prezidentning ushbu yig‘ilishdagi nutqidan bir yarim daqiqalik audio fevral oyi boshida ijtimoiy tarmoqlar va messenjerlarda tarqaldi, shuningdek, “Kun.uz” nashrida e’lon qilindi. Audioyozuv kim tomonidan yozib olingani va nima uchun endi tarqatilgani noma’lum.

Shavkat Mirziyoyev nutqining bu qismida Milliy xavfsizlik xizmati sobiq mulozimlarini tanqid ostiga olgan. Xususan, MXX raisining sobiq birinchi o‘rinbosari Shuhrat G‘ulomovni “sotqin” deb atagan.

Bular (Milliy xavfsizlik xizmati xodimlari) hali xalqning qadriga yetmagan. Bularga berilgan maosh, berilgan pogonga loyiq ishlamagan. Birorta ish qilgani yo‘q. Bularning o‘z maxfiy ishi bor. Bu maxfiy ishi menga bog‘liq. Men bilan gaplashsin. Hokimning orqasidan quvib yurish zamoni tugadi.

Hokim — mening vakilim. Nima emish, bir noinsof, bir tumanning MXX raisining mashinasini hokimning mashinasi quvib o‘tibdi. Shunga borib, uni qamab qo‘yibdi. Ey, kimsan o‘zi san? Kim senga bu vakolatni berdi? Kerak bo‘lsa, men sening pogoningni olib tashlayman! U zamon o‘tib bo‘ldi.

Surxondaryodagi vaziyat nima uchun menga alam qiladi? Men 13 yil bosh vazir bo‘lganman. Bu yerdagi vaziyatni bilaman. Hokim hech kim emasdi. Hamma viloyatning hokimi ularning kabinetida edi. Salgina gap ko‘tarsa, darrov g‘iybat qilib, ishdan olib tashlardi. “Bu o‘g‘ri, bu to‘g‘ri”, deb. Juda bo‘lmasa bitta g‘iybatni bo‘yniga qo‘yardi. U zamon tugadi.

Men birortasiga ishonmayman. Bulardan birortasining ma’lumoti menga kerak emas. Shuni bilinglar. To‘rt rahbar — ishla! Vatan uchun ishla, xalq uchun ishla! Ular (MXX vakillari) — hech kim emas! Ularga o‘sha vakolatni bergan odam hozir yo‘q. Qanchalik og‘ir bo‘lmasin, bu Surxondaryoga taalluqli.

Bu masalada Surxondaryo chirib ketgan. Shuning uchun ham bu yerga birorta biznesmen kelmagan. Bulardan qo‘rqib kelmagan. Keldimi, darrov qamardi. “Bu Falonchining odami, bu Pistonchining odami, bu hokimning pul beradigan odami”, deb. Sen kimsan? Pul bermaydiganmiding sen, G‘ulomov degan iflosing, sotqining? Poraning boshida o‘zi o‘tirardi-ku hammasi.

Shavkat Mirziyoyev, O‘zbekiston Prezidenti

Avvalroq Surxondaryodagi Prezident ishtirokidagi yig‘ilishning rasmiy manbalarda ma’lum qilinmagan boshqa bir tafsiloti e’lon qilingan edi. Unda Shavkat Mirziyoyev Aqto‘bedagi 52 o‘zbekistonlikning o‘limiga sabab bo‘lgan fojiadan so‘ng o‘zgarganini ma’lum qilgan.