Eron mezbonlik qilgan usti yopiq inshootlardagi yengil atletika bo‘yicha Osiyo Chempionatida O‘zbekiston sharafini himoya qilgan sportchilar Toshkentga qaytib keldi. 2 ta oltin va 1 ta kumush medalga ega chiqqan sportchi qizlar Toshkent xalqaro aeroportida tantana bilan kutib olindi.
Uch kun davom etgan musobaqaning har bir kunida O‘zbekiston sportchilari 1 tadan medalni qo‘lga kiritgan. Birinchi kun Nadiya Dusanova balandlikka sakrash musobaqasida 187 santimetrlik natija ko‘rsatib, oltin medalga ega chiqdi.
Yadro uloqtirishda esa Yelena Smolyanova eng yaxshi natija ko‘rsatdi — 15,54 metr. Shu tariqa O‘zbekiston delegatsiyasining oltinlari soni 2 taga yetdi.
Va nihoyat Osiyo Chempionatining uchinchi kunida Aleksandra Yurkevskaya kumush medalni qo‘lga kiritdi. Yengil atletikaning eng qiyin turi — ko‘pkurashda musobaqalarga kirishgan Aleksandra 3858 ochko jamg‘arishga erishdi.
Izoh (0)