Maktabgacha ta’lim vaziri, vazir o‘rinbosari va boshqarma vakillari Toshkent shahri maktabgacha ta’lim muassasalaridagi vaziyatni o‘rganish davomida bir qator kamchiliklarni aniqladi. Bu haqda Maktabgacha ta’lim vazirligi matbuot xizmati ma’lum qildi, deb yozadi “Gazeta.uz”.
Bunday kamchiliklar qatoriga sifatli ta’lim jarayonini yetarlicha tashkil etmaslik, pedagogik kadrlarning past malakasi, zaif material-texnik baza, korrupsiya bilan bog‘liq holatlar, shuningdek, tashkilotning sog‘lom va to‘g‘ri ovqatlanish talablariga javob bermaslik kabilarni kiritish mumkin.
Bugun, 2-fevral kuni maktabgacha ta’lim vaziri Agrippina Shin tomonidan Toshkent shahar maktabgacha ta’lim boshqarmasi va tuman maktabgacha ta’lim bo‘limi rahbarlari bilan favqulodda majlis o‘tkazildi. Unda maktabgacha ta’lim tizimi kamchiliklari va aktual muammolari muhokama qilindi, shuningdek, maktabgacha ta’limni yaqin yillarda rivojlantirish istiqbollari belgilandi.
Yig‘ilish yakunlariga ko‘ra, Toshkent shahri Maktabgacha ta’lim bosh boshqarmasi, maktabgacha ta’lim tuman bo‘limlari rahbarlari va maktabgacha ta’lim muassasalari mudirlarining tizimning zamonaviy talablarga javob beruvchi samarali boshqarilishini tashkil etishdagi shaxsiy javobgarligi belgilandi.
Izoh (0)