O‘zbekiston musulmonlari idorasida Oksford islom tadqiqotlari markazi direktori Farxan Nizomiy bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.
Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi O. Yusupov, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy U. Alimov, Toshkent davlat sharqshunoslik instituti rektori A. Mannonov va boshqalar mehmonga O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar, xususan, turli din va millat vakillarining ahil hayoti va faoliyati, bu borada mamlakat rahbariyati tomonidan olib borilayotgan ishlar haqida so‘zlab berdi.
1985-yili tashkil etilgan Oksford islom tadqiqotlar markazi islom olamiga oid ilmiy tadqiqotlarni qo‘llab-quvvatlash, islom dunyosini tadqiq etuvchi olimlar va institutlar o‘rtasidagi xalqaro hamkorlikni rag‘batlantirish, bugungi kunda islomning rivojlanishini turli bosma nashrlar orqali targ‘ib qilish bilan shug‘ullanadi.
Markaz asoschisi va rahbari Farxan Nizomiyning O‘zbekistonga bu galgi tashrifidan ko‘zlangan asosiy maqsad — O‘zbekistondagi islom olamiga oid tadqiqotlar bilan shug‘ullanuvchi idora va muassasalar bilan hamkorlik aloqalarini rivojlantirish hamda madaniy-gumanitar sohada qo‘shma loyihalarni muhokama qilish.
Uchrashuvda mamlakat ilmiy-tadqiqot muassasalari va Oksford islom tadqiqot markazi o‘rtasida professor-o‘qituvchilar almashish, hamkorlikda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalari xususida so‘z yuritildi. O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va Toshkent islom universiteti bilan Oksford islom tadqiqotlari markazi o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.
Farxan Nizomiy, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev bilan uchrashdi. Bundan tashqari, u O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti, Toshkentdagi xalqaro Vestminster universitetida ham muzokaralar o‘tkazdi.
Izoh (0)