“Kommersant.uz” yirik xorijiy kompaniyalar va dunyoning yetakchi universitetlaridagi karyeralaridan voz kechgan o‘zbekistonliklar bilan suhbatlashdi. Nashr ular nimalarga erishganligi, nimadan voz kechganligi va vatanida nima bilan mashg‘ul ekanligi haqida hikoya qiladi.
Shveysariyaning Telf AG kompaniyasida ishlagan, “O‘zmetkombinat”ni tanlagan
Yolqin Qosimov, “O‘zmetkombinat” tijorat masalalari bo‘yicha boshqaruv raisi o‘rinbosari, Koryo universitetida (Seul) MBA’ni qo‘lga kiritgan. Bu Janubiy Koreyadagi eng yaxshi dastur. Janubiy Koreya dasturlarining o‘ziga xos jihati shundaki, ular Osiyo iqtisodiyoti sharoitlariga moslashgan.
Qosimov O‘zbekistonda Toshkent davlat sharqshunoslik instituti va Toshkent temir yo‘l transporti muhandislari institutini tugallagan. O‘qishning birinchi yilida “O‘zbekiston temir yo‘llariga”ga temir yo‘l ishchisi bo‘lib joylashdi, keyinchalik esa istiqbolli xodim sifatida loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha guruhga kirdi.
Yolqin MBA’ni qo‘lga kiritgandan so‘ng Xitoyda foydali qazilmalarni qazib olish va qayta ishlash sohasidagi dunyoviy yetakchilardan biri ENRC vakili sifatida ishladi. Oxirgi ikki yilda Shveysariyaning ko‘mir va ferroqotishmalar bilan ishlovchi Shanxaydagi vakilligini boshqardi.
Sentabrda esa “O‘zmetkombinat” rais o‘rinbosari lavozimiga taklif etildi va uni qabul qildi.
Yolqinni Shavkat Mirziyoyevning qaroriga muvofiq “O‘zmetkombinat” ustav kapitalidagi davlat ulushini ishonchli boshqaruvga olgan SFI Management Group taklif qildi.
“Aksiyalari London birjasida muomalada bo‘lgan xalqaro kompaniyada ishladim, dunyoning yetakchi kompaniyalaridagi top-menejerlar bilan muloqot qildim. Bu qiziqarli va foydali tajriba bo‘ldi, — deydi Yolqin. — SFI Management Group taklifini darhol qabul qildim. Bu menejment, odamlar bilan o‘zaro munosabat barpo etuvchi, G‘arbning yirik korporatsiyalaridagi kabi vazifalar qo‘yuvchi istiqbolli kompaniyadir. O‘z bilimim, tajribamni mamlakatning eng yirik korxonasida qo‘llash imkoniyatini taqdim etishdi.
Gap mutlaqo pulda emas. O‘zbekistondagi ish haqini deylik Shveysariyadagi maosh bilan taqqoslash to‘g‘ri emas. Daromad yuqori bo‘lgan rivojlangan mamlakatlarda xarajatlar darajasi ham yuqori.
To‘g‘ri, iqtisodiy yetakchi mamlakatlarda yashash darajasi yuqori, shaharlari chiroyli va qulay. Biroq bizda ham taraqqiyot uchun barcha asoslar bor, O‘zbekistonda dunyo namunalaridan ortda qolmaydigan sharoitlarni yaratishimiz mumkin. Buning uchun ishtirok etish, chet elda ilg‘or tajriba olgan mutaxassislar uni vatanida qo‘llashi va joriy qilishi mumkin.
SFI Management Group men va hamkasblarim oldiga “O‘zmetkombinat” AJda jarayonlarni optimallashtirish, zamonaviy menejmentni joriy etish, xalqaro tajribani mentalitetimiz bilan uyg‘unlashtirish vazifasini qo‘ygan.
SFI Management Group ijtimoiy javobgarlik yuqori darajada bo‘lgan kompaniyadir. Biz hududdagi va sohadagi vaziyatni yaxshilashga harakat qilmoqdamiz. Yangi ish o‘rinlari yaratilmoqda, Bekobod aholisining hayot darajasi yaxshilanmoqda, yangi tovarlar chiqarilmoqda.
Bugun O‘zbekistonda biznesni mo‘ljalga olgan, maqsadga yo‘naltirilgan, muammolarni yaratuvchi emas, ularni hal qiluvchi xususiy mulk egalari va rahbarlarning yangi toifasi bor. Taxminan besh yildan so‘ng ular professional o‘sishi lozim. O‘ylashimcha, bugunoq O‘zbekiston iqtisodiyoti taraqqiyotning yangi davriga qadam qo‘ydi deyish mumkin, biznes uchun ko‘plab eshiklar ochiq.
Garvard taklifini rad etgan
Centil Sothis Advisory tadqiqotlar bo‘limi rahbari, Toshkentdagi Xalqaro Vestminster universitetida o‘qituvchi Rauf Salaxo‘jayev RePEc eng kuchli yosh iqtisodchi olimlar reytingiga kirgan birinchi o‘zbekistonlik sifatida mashhur.
Toshkent moliya institutining 2010-yilgi bitiruvchisi Nyu-York Davlat universitetiga Edmund Maski stipendiya dasturi bo‘yicha o‘qishga kirdi va magistr darajasini qo‘lga kiritdi.
O‘quv davrida konkurs asosidagi tanlov natijalariga ko‘ra Kornell universitetining (AQShdagi eng yaxshi universitetlardan biri) ilmiy-tadqiqot guruhiga kiritildi. Aynan o‘shanda biznes yuritishdan ko‘ra fundamental tadqiqotlar uni ko‘proq qiziqtirishini tushunib yetdi.
Rauf bir qator qolish imkoniyatlariga qaramasdan, O‘zbekistonga qaytdi. “Garvardda taklif etilgan olim sifatida ishlash, Janubiy Florida, Kornell universiteti va Singapurdagi Nanyan texnologik universitetida aspiranturani qoplash, sug‘urta va yiliga 20 ming dollardan ortiq stipendiya taklif qilishdi”, — deydi Rauf.
Uning fikricha, ilm-fan bilan O‘zbekistonda shug‘ullanish mumkin va zarur. Buning uchun vaqti-vaqti bilan xorijiy mamlakatlarga chiqish, chet ellik hamkasblar bilan muloqot qilish, qayerdadir stajirovka o‘tash, qayerdadir taklif etilgan tadqiqotchi bo‘lish kifoya.
“G‘arbda yashash maqsadim yo‘q, aks holda allaqachon u yerda bo‘lardim. Maqsadim — shu yerda bo‘lib, O‘zbekiston ilm-fan taraqqiyotiga o‘z hissamni qo‘shish. Ehtimol, aynan hozirgi paytda O‘zbekiston hududdagi iqtisodiy taraqqiyotning lokomotiviga aylanmoqda va menga aynan shu yerda fundamental tadqiqotlar bilan shug‘ullanish qiziqarli. Hozirda patogen stress ustida ishlamoqdaman va intellektual salohiyatga (IQ) bag‘ishlangan kitob yozyapman. Kitob 2018-yilda uch tilda chop etiladi. Bundan tashqariб Centil Sothis Advisory konsalting kompaniyasi tadqiqot bo‘limini boshqarmoqdaman”.
Germaniyadan qaytib, Toshkentda startap yo‘lga qo‘ymoqda
Kimyogar-texnolog, Tashkent Engineering kompaniyasi asoschisi va rahbari Sardor Mavlyankoriyev dunyo bo‘yicha eng yirik kimyoviy konsern Germaniyaning BASF SE’dagi lavozimini O‘zbekistondagi biznes va ilm-fan uchun tark etgan.
Germaniya kimyo sohasi sanoat yo‘nalishlari orasida ikkinchi o‘rinni egallaydi. Mamlakat yiliga 80 milliard yevroga teng kimyoviy mahsulotlar eksport qiladi, ishlab chiqarish hajmi bo‘yicha esa dunyoda to‘rtinchi o‘rinda turadi.
Sardor Toshkent kimyo-texnologiya institutidagi o‘qish va Janubiy Koreya Kangvon milliy universitetidagi magistraturadan so‘ng 2008-yilda Germaniyaga ketdi. Berlin texnika universitetida kimyoviy kataliz sohasida nomzodlik dissertatsiyasini himoya qildi, Rostok shahri universiteti qoshidagi Leybnits nomidagi kataliz institutida ilmiy xodim bo‘lib ishladi, keyin esa BASF SE kompaniyasida mehnat qildi. U yerda hamkasblari bilan hammualliflikda etilen olishning mukammallashtirilgan texnologiyasini ishlab chiqdi va patentladi.
Bugun Sardor Mavlyankoriyev kimyoviy texnologik jarayonlarni matematik modellashtirish bilan shug‘ullanib, o‘z firmasini rivojlantirmoqda, Osiyo taraqqiyot bankining Toshkentda qattiq maishiy chiqindilarni utilizatsiya qilish bo‘yicha loyihalaridan biriga konsultatsiyalar bermoqda. Shuningdek, sherigi bilan birga startap ustida ishlamoqda.
Sardor chet eldagi hayot uni birinchi navbatda dunyoga ochiq bo‘lish, begona madaniyatlar, an’analar va ish uslubiga hurmat ko‘rsatishga o‘rgatganligini ta’kidlaydi.
“Kuchli va rivojlangan mamlakat — Germaniyada yashab, o‘qidim. U yerda ekanligimda Germaniya milliy termasining futbolchilari dunyo va Yevropa chempionligini qo‘lga kiritdi, ikki olim Nobel mukofotini oldi. Kishilarning vatandoshlari muvaffaqiyati uchun faxrlanganligiga guvoh bo‘ldim. O‘shanda mening mamlakatim ham dunyo arenalarida yarqirashi, men va qo‘shnilarim, do‘stlarim, qolaversa, butun o‘zbekistonliklar faxrlanishini juda kuchli xohlaganman. Vatanimga qaytganim va unga foyda keltira olishim mumkinligidan xursandman”, — deydi Sardor.
Izoh (0)