O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Sochida bo‘lib o‘tgan uchrashuv chog‘ida Belarus rahbari Aleksandr Lukashenkoni 2018-yili O‘zbekistonga tashrif buyurishga taklif etdi. Bu haqda “BЕLTA” agentligi ma’lum qildi.
“Men sizni 2018-yili O‘zbekistonga taklif qilaman, bu tarixiy tashrif bo‘lishi lozim”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.
U delegatsiya vakillariga Belarus rahbarining tashrifi har tomonlama ahamiyatli bo‘lishi uchun zarur ishlarni bajarishni topshirdi.
Shavkat Mirziyoyev, shuningdek, keyingi yil fevralida O‘zbekistonda Belarus madaniyat kunlari bo‘lib o‘tishini xabar qildi. Bu ikki mamlakat o‘rtasidagi do‘stona munosabatlarni yaxshilashga xizmat qiladi.
O‘zAning xabar berishicha, Aleksandr Lukashenko Belarus O‘zbekiston bilan hamkorlikni har tomonlama rivojlantirishdan manfaatdor ekanini ta’kidladi. Uchrashuvda qo‘shma korxonalar tashkil etish, savdo uylarini kengaytirish, xomashyoni chuqur qayta ishlash bo‘yicha hamkorlik qilish masalalari muhokama qilindi.
Izoh (0)