Yaqinda O‘zbegim milliy an’analar festivali doirasida tayyorlangan rekord palov va uning atrofidagi gaplar OAVda keng yoritildi. Ushbu palovni tayyorlagan shef-oshpazlardan biri, taniqli oshpaz va bloger Bahriddin Chustiy “Tatil.uz” nashriga bergan intervyusida palov haqida, shuningdek, o‘z faoliyati, orzulari va sayohatlari haqida gapirib berdi.
— Qanday qilib restoran biznesiga kirdingiz?
— Biror maxsus bilim yurtida tahsil olmadim. Namangan viloyatining Chust shahrida pedagoglar oilasida tug‘ilib o‘sdim (Chustiy taxallusi shundan).
13 yoshligimda Toshkentga ko‘chib o‘tdik, oziq-ovqat xizmat ko‘rsatish sohasidagi birinchi oilaviy biznesni boshladik — non yopish sexi ochdik. So‘ng cheburek pishirdik, oshxona, so‘ng somsa sotdik…
2002-yili otam vafot etdi. 17 yosh edim, oiladagi katta farzand edim (jami olti farzandmiz), shuning uchun yaqinlarim va qarindoshlarimni ta’minlash bo‘yicha barcha tashvishlar zimmamga tushdi.
2007-yili Moskvaga ketdim — pul ishlab topish va tajriba to‘plash niyatida. Albatta, u yerda hech kim meni bag‘rini ochib kutib turgani yo‘q edi. Dastlab idish-tovoq yuvdim, sabzavot tozaladim, novvoyxonada ishladim.
Esimda, shef-oshpazning yordamchisi bo‘lganimda ham bu sohada qolmayman deb hisoblardim. “Bu vaqtinchalik”, — deb o‘ylardim. Birovga oshpazligimni aytishga uyalardim, bu kasbni ikkinchi darajali, obro‘siz hisoblardim… Ammo keyin har bir sohada ko‘p narsaga erishish mumkinligini, asosiysi o‘z ustingda ko‘p ishlash va qiladigan ishingni yaxshi ko‘rish ekanligini tushundim!
Do‘stlarim blog ochib, u yerda o‘zbek oshxonasi taomlari retseptlarini berib borishimni so‘radi. “Oshxona.uz” sayti shunday ochildi, so‘ng u UZ milliy domeni internet-festivalida “Eng yaxshi mavzuli sayt” va “Oila uchun eng yaxshi sayt” deb topildi. Shu blog tufayli odamlar men haqimda bildi, va Chust shahridagi birinchi muassasani birinchi marta shu nom ostida ochdim.
Undan oldin bir muvaffaqiyatsiz loyiha bo‘lib, o‘shandan so‘ng bu sohadan aniq ketaman va boshqa ish bilan shug‘ullanman deb turgan edim. Ammo Chustdagi “Oshxona.uz”dan so‘ng Toshkentda shu nomli restoran, shuningdek, qator muassasalar paydo bo‘ldi. Oxirgisi 2017-yildi ochilgan SalSal restorani bo‘ldi.
— Oshpazlik mahorati sizda qanday shakllandi?
— Bolalikdan bo‘lsa kerak. Hali bolaligimdan eslayman, mastava tayyorlardim, beshinchi sinfligimda uka va singillarim uchun pishiriqlar tayyorlardim.
Non yopish sexini endi ochganimizda boshqa tanlovim yo‘q edi. Balki, agar o‘shanda mendan “Nima qilishni xohlaysan — katta pul topib, kam ishlashnimi yoki sexda ishlab, oilangga yordam berishnimi?” deb so‘rasalar, men, 13 yoshli o‘smir, albatta, birinchisini tanlagan bo‘lardim. Ammo bunday tanlovim, afsuski yoki yaxshiyamki, yo‘q edi. Taqdir buyurgan ekan, oziq-ovqat xizmat ko‘rsatish sohasida kichik yoshligimdan ishladim. Shuning uchun bir narsani takrorlashdan charchamayman: birinchi va asosiy murabbiyim — taqdir, u meni tarbiyaladi va hayot yo‘lini ko‘rsatdi. Shu bois, bu yo‘l qanchalik qiyin bo‘lmasin, unda men ajoyib insonlarni uchratdim, ular meni hozir bilgan narsalarimni o‘rgatdi: biri — somsa va palov tayyorlashni, birovi — lag‘mon uchun xamir cho‘zishni, uchinchisi — non yopishni…
Haligacha bilim olyapman! Chunki oshpazlik — tubi chuqur okean kabi: qancha chuqur cho‘ng‘isang, shunchalar ko‘p kashfiyot qilasan.
Hech qachon birinchi yoki eng yaxshi bo‘lishga intilmayman. Ha, balki bugun men haqimda ba’zi hamkasblarimga qaraganda ko‘proq bilishar. Ammo bu men ulardan ustunman degani emas. Bunda internet bilan tezroq “do‘stlashganim” qo‘l kelgan bo‘lsa kerak, aynan u menya nom qozonishda yordam berdi.
— Hamma o‘zbek taomlarini tayyorlay olaman deb o‘ylaysizmi?
— Albatta yo‘q, axir biz uning kichik qisminigina bilamiz. O‘tgan yili biz “365 quyoshli kun” kitobini tayyorladik, u o‘zbek oshxonasiga bag‘ishlangan edi. Fud-fotograf Andrey Arakelyan bilan birga butun O‘zbekistonni aylandik, har bir mintaqa uchun noyob retseptlarni tayyorladik. Shu tariqa Dinara & Co matbaa uyi tomonidan AO “O‘zbekneftgaz” moliyaviy ko‘magida nashr etilgan kitob dunyo yuzini ko‘rdi. Bu kitobni birinchi marta Toshkentda taqdim etishdi, so‘ng — Londonda, yaqin kunlarda Olmaotada prezentatsiya bo‘lib o‘tadi. Umid qilamanki, uni butun dunyo ko‘radi!
— Ginnesning rekordlar kitobi uchun megapalov tayyorlash g‘oyasi qanday paydo bo‘ldi?
— Gap 2010-yili bo‘lgan edi. Men Turkiyada edim va televizor orqali Ginnesning rekordlar kitobiga eng katta keks tayyorlagan oshpazlar kirganini ko‘rdim. Ana o‘shanda o‘ylab qoldim: dunyodagi eng katta palovni tayyorlasak-chi?!
Loyihani 2011-yildan ishlab chiqa boshladik. Do‘stim Xushnud Xudayberdiyev bilan Guinness World Records kompaniyasiga xatlar yozdik. Ammo o‘shanda eng katta guruchli taom tayyorlashning (ro‘yxatda palov nominatsiyasi yo‘q edi) asosiy sharti shu ediki, guruch taomning 80 foizini tashkil etishi kerak edi. Lekin haqiqiy palov bunday tayyorlanmaydi, aks holda u yaxshi chiqmaydi! Shuning uchun biz loyihani to‘xtatdik, o‘z ishlarimiz bilan shug‘ullandik, lekin superpalov g‘oyasini hech qachon unutmadik!
2014-yili “80%/20%” sharti istisno etildi. Biz Guinness World Records kompaniyasi qo‘ygan barcha shartlarni bajardik, biroq uzoq vaqt homiy topa olmadik. Buni qila olishimizga hech kim ishonmadi.
Natijada bu loyihaga Milliy TV telekanali homiylik qilishga rozi bo‘ldi. Voqea bunday bo‘ldi. Dastlab O‘zbegim kitobi tayyorlandi, uning prezentatsiyasi doirasida biz milliy taomlarni taqdim etishimiz lozim edi. Albatta, bu haqda aytishganida birinchi g‘oya uzoq yillar o‘ylaganim eng katta palov tayyorlash edi!
Palovga tayyorlanish uchun bor-yo‘g‘i ikki oy vaqtimiz bor edi. Umuman, buni biz kelasi yil Navro‘zida qilmoqchi edik. Ammo juda qisqa muddatda ilkan qozonlarni quygan Olmaliq tog‘-metallurgiya kombinati ishchilarining oltin qo‘llari tufayli muddatida ulgurdik.
O‘zbekistonning taniqli oshpazlarini tayyorladik. Biz shu yerda, SalSal’da uchrashardik, qozon diametrini muhokama qilardik. Hisob-kitoblarni 6 ming litrli hovuz o‘lchamlaridan kelib chiqib amalga oshirdik!
Barcha xalq oshpazlari — ajoyib mutaxassislar. Men asosan palovni pishirishga tayyorgarlikning olov yoqishgacha bo‘lgan bosqichi bilan bog‘liq masalalarga javob berardim. Undan keyin esa asosiy ishni taniqli oshpaz Hasan aka Rasulov qildi — darvoqe, u avval boshidan bizning ishlarimizga ishongan va qo‘llab-quvvatlagan yagona odam edi, u biz hatto osh hajmini ikki barobarga ko‘paytirishga qaror qilganimizda ham qo‘rqmadi!
— Barchasi o‘tib, sizning orzuingiz — Ginnesning rekordlar kitobiga kirish — amalga oshganidan so‘ng nimani his etdingiz?
— Ikki kun o‘zimga kela olmadim. Tadbirdan so‘ng mehmonxonaga bordim, chunki birov bilan muloqot qilishga kuchim qolmagan edi. Uyda esa mehmon ko‘p edi! Hatto Chustdan do‘stlar va yaqinlar kelgan edi.
Festival arafasida bir oy deyarli uxlamadim. Tun o‘rtasida uyg‘onib, xavotir olardim: uchrashuvni o‘tkazib yubormadimii, oshpazlar bilan kelishib olishni unutmadimmi, hammasini to‘g‘ri qilyapmanmi…
Oshpazlarimiz, tadbirni tashkil etishda ishtirok etgan odamlar nomidan, shaxsan o‘z nomimdan Milliy TV telekanali rahbariyatiga bizga ishongani, javobgarlikni o‘zlariga olgani va palovimiz Ginnesning rekordlar kitobiga kirishi amalga oshishiga hissa qo‘shganlari uchun minnatdorlik bildiraman!
— Bahriddin, qanday mamlakatlarda bo‘lganingizni aytib bersangiz.
— MDHning turli mamlakatlari, Latviya, Estoniya, Angliya, Turkiya… Asosan bular ishchi safarlar bo‘lgan. Rostini aytsam, qachon oxirgi marta rostan dam olganimni eslay olmayman.
— Sayohatlar chog‘ida sizga nima qiziq bo‘ladi?
— Qayerda bo‘lmay, har doim birinchi navbatda do‘konlar, bozorlar yarmarkalarga boraman. U yerda qanaqa mahsulotlar sotilishini o‘rganaman. Ularda bizda yo‘q nima bor. Masalan, Londonda ulkan ulgurji yarmarkalar bor, u yerda go‘sht yoki baliq sotib olish mumkin.
Imkon bo‘lsa, albatta qahvaxona, restoran, oshxonalarga tashrif buyuraman. Mahalliy oshxonani totib ko‘raman. Masalan, Estoniyada piyozdan murabbo tayyorlashadi — u juda shirin bo‘ladi! Bunaqasi boshqa hech qayerda yo‘q!
— Qaysi mamlakatda bo‘lishni orzu qilasiz?
— Birinchi navbatda Fransiyada, oshpazlik dunyosi markazida. Bu yili, shuningdek, AQSh, Gretsiya, Hindistonga safarlar rejalashtirilgan. Ularning bari qiziq bo‘ladi degan umiddaman!
— Megapalov tayyorlanganidan so‘ng qanday orzuingiz qoldi?
— Umuman, bu yerda maqsadlar haqida gapirish to‘g‘riroq bo‘ladi. Bir paytlar o‘z oldimga to‘rtta maqsad qo‘ygan edim: o‘z restoranimga ega bo‘lish, kitob chiqarish, Ginnesning rekordlar kitobi uchun osh tayyorlash, shuningdek, O‘zbek oshpazligi uyini ochish. Dastlabki uch maqsad amalga oshdi. Endi oxirgisi ustida ishlayman.
O‘zbek oshpazligi uyini restoranlar, muzey, oshpazlar maktabi va hatto oshpazlik mahoratini o‘rganadiganlar uchun mehmonxona bor joy sifatida tasavvur qilaman. Umid qilamanki, bir kun kelib bu maqsadni ham amalga oshiraman.
Izoh (0)