O‘zbekistonda Muhammad al-Xorazmiy nomidagi axborot-kommunikatsiya texnologiyalari yo‘nalishiga oid fanlarni chuqurlashtirib o‘qitishga ixtisoslashtirilgan maktabni tashkil etiladi. Bu haqdagi Prezident qarori “O‘zbekiston 24” telekanali tomonidan keltirildi.
Hujjatga ko‘ra, O‘zbekiston Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi hamda Xalq ta’limi vazirligining Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tasarrufidagi Muhammad al-Xorazmiy nomidagi axborot-kommunikatsiya texnologiyalari yo‘nalishiga oid fanlarni chuqurlashtirib o‘qitishga ixtisoslashtirilgan maktabni (keyingi o‘rinlarda Ixtisoslashtirilgan maktab deb ataladi) tashkil etish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berildi.
Quyidagilar ixtisoslashtirilgan maktabning asosiy vazifalari etib belgilandi:
umumiy o‘rta ta’limning davlat ta’lim standartlari asosida zamonaviy axborot va pedagogik texnologiyalardan keng foydalangan holda matematika, fizika, informatika va chet tili fanlarining chuqur o‘qitilishini tashkil etish;
o‘quvchilarda dasturlash asoslarini, ma’lumotlar bazalarini shakllantirish va axborot xavfsizligi ko‘nikmalari va media madaniyatni maktab davridan boshlab shakllantirish;
yuqori kasb mahoratiga ega bo‘lgan pedagoglarni jalb etgan holda o‘quvchilarning yosh matematiklar, yosh fiziklar, yosh dasturchilar, yosh ixtirochilar jamoalarini tashkil qilish, ularning respublika va xalqaro fan olimpiadalarida muntazam ishtirok etishlarini ta’minlash;
o‘quvchilarni chet tilini bilish darajasini tasdiqlovchi milliy va xalqaro e’tirof etilgan sertifikatlar olishga tayyorlash;
o‘quv jarayonining ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish sohalari bilan uzviyligini ta’minlash maqsadida 10–11-sinf o‘quvchilarining axborot-kommunikatsiya texnologiyalari yo‘nalishidagi yetakchi tashkilotlarda ishlab chiqarish amaliyoti o‘tashlarini tashkil etish.
Toshkent shahar, Mirzo Ulug‘bek tumani, Tepamasjid ko‘chasi, 4-uy manzilida joylashgan Mirzo Ulug‘bek informatika kasb-hunar kollejining bino va inshootlarini tegishli hududi bilan birga Ixtisoslashtirilgan maktabga operativ boshqarish huquqi asosida bepul beriladi.
Ixtisoslashtirilgan maktabga o‘quvchilar Xalq ta’limi vazirligi hamda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tomonidan belgilanadigan kvota asosida 5-sinfdan boshlab yozma va og‘zaki sinov natijalariga ko‘ra tanlov asosida qabul qilinadi.
Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi Xalq ta’limi vazirligi bilan birgalikda bir hafta muddatda ixtisoslashtirilgan maktabning ustavini tasdiqlasin hamda uning belgilangan tartibda davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishini ta’minlaydi. Uch oy muddatda esa respublikaning maktab yoshidagi iqtidorli o‘quvchilariga matematika, fizika va informatika fanlarini integratsiyalashgan holda qamrab olgan ko‘rik-tanlov natijalariga ko‘ra beriladigan “Muhammad al-Xorazmiy izdoshlari” nomli mukofotni ta’sis etadi.
2017–2018-o‘quv yilidan boshlab Xalq ta’limi vazirligi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda ixtisoslashtirilgan maktabning ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda, belgilangan tartibda maktabning kutubxona fondini zarur darsliklar va o‘quv-metodik qo‘llanmalar bilan ta’minlash choralarini ko‘radi.
Izoh (0)