Qozog‘iston prezidenti Nursulton Nazarboyev amerikalik hamkasbi Donald Tramp bilan telefon suhbati o‘tkazdi. Bu haqda “TASS” xabar bermoqda.
Suhbat davomida Tramp Nazarboyevni Vashingtonga rasmiy tashrif bilan kelishga taklif qildi.
“Telefon suhbati davomida AQSh prezidenti Nursulton Nazarboyevni Ostonada EXPO – 2017 xalqaro ko‘rgazmasining muvaffaqiyatli o‘tkazilgani bilan tabrikladi hamda ushbu tadbirda AQSh delegatsiyasining ishtirokini yuqori baholadi”, — deyiladi Qozog‘iston prezidentining matbuot xizmati tarqatgan xabarnomada.
Qozog‘iston prezidenti Texas va Luiziana shtatlaridagi “Xarvi” to‘foni bilan bog‘liq voqealar yuzasidan amerikalik hamkasbiga hamdardlik bildirdi.
Bundan tashqari, ikki tomonlama munosabatlarning istiqbollari muhokama qilindi.