Buyuk Britaniya IShIDga qarshi kurash oxirgi bosqichga kirishi munosabati bilan Iroq g‘arbidagi Ayn al-Asad aviabazasiga 44 nafar qirollik muhandisini yuboradi. Bu haqda Birlashgan Qirollik mudofaa vaziri Maykl Fellon bayonot berdi, deb xabar qiladi “TASS”.
Shu tariqa, ushbu aviabazadagi britaniyalik harbiylarning umumiy soni 300 kishiga, umuman Iroqda xizmat qilayotgan britaniyaliklarning umumiy soni esa 600 kishiga yetadi.
“Qo‘shimcha bo‘linma IShID mag‘lubiyatini yaqinlashtirish uchun operatsiyalarni qo‘llab-quvvatlaydi”, — ma’lum qildi mudofaa vaziri.
Kipr harbiy-havo kuchlarining Akrotiri aviabazasida joylashgan Britaniya samolyotlari IShIDning Suriya va Iroqdagi marralariga oxirgi ikki yil ichida 1200 zarba berdi.
“Biz global koalitsiyaning asosiy ishtirokchisi sifatida IShIDga qarshi kurashga qo‘shayotgan hissamizni oshirib bormoqdamiz”, — qayd qilib o‘tdi Maykl Fellon.
IShID ekstremistik guruhi jahonning bir qator mamlakatlari va xalqaro tashkilotlar tomonidan “terrorchilik tashkiloti” deb topilgan.
Izoh (0)