Vazirlar Mahkamasining 19-iyuldagi 527-sonli qarori bilan poytaxtda hamda Toshkent viloyatida boshqa shahar va viloyat vakillari, shuningdek, chet el fuqarolariga hamda fuqaroligi yo‘q shaxslarga ko‘chmas mulk realizatsiyasi tartibi belgilandi. Bu haqda Norma xabar bermoqda.
Belgilangan yangi tartibga ko‘ra, endi Toshkent shahri va viloyatida bu hududda doimiy propiskaga ega bo‘lmagan O‘zbekiston fuqarolari, shuningdek, chet el fuqarolari va fuqaroligi yo‘q shaxslar ham sotib olishi mumkin.
Bunda xarid qilinayotgan ko‘chmas mulkning ko‘rinishi va narxi, shuningdek, hisob-kitoblar amalga oshirilish tartibi muhim o‘rin tutadi.
Toshkent shahri va viloyatida doimiy propiskaga ega bo‘lmagan O‘zbekiston fuqarosi ko‘rsatilgan hududdagi yangi qurilayotgan yoki qurilgan uylardan narxi eng kam oylik ish haqining 2500 barobaridan kam bo‘lmagan xonadonni hisob-kitoblarni bank hisob raqamlari orqali amalga oshirgan holda xarid qilishi mumkin.
Bundan tashqari, Toshkent shahri yoki viloyatiga respublikaning boshqa mintaqalaridan kelgan, o‘sha mintaqalarda doimiy propiskaga ega chet el fuqarolari hamda fuqaroligi yo‘q shaxslarga xuddi shu shartlarda uy xarid qilishga ruxsat etiladi.
Toshkent shahri yoki viloyatiga boshqa davlatdan tashrif buyurib, yashash uchun ruxsatnoma olgan chet el fuqarolari va fuqaroligi yo‘q shaxslar esa yangi qurilayotgan uylardan narxi 150 ming dollardan kam bo‘lmagan xonadon sotib olishi talab etiladi. Hisob-kitob bankdagi hisob raqamlari orqali, chet el valyutasini O‘zbekistonning vakolatli banklariga sotish yo‘li bilan olingan milliy valyutada amalga oshiriladi.
Yangi qurilgan yoki qurilayotgan uy deganda, hujjatga ko‘ra, ekspluatatsiyaga topshirilganiga 3 yildan oshmagan binolar tushuniladi.
Ko‘chmas mulk yuqoridagi shartlar asosida xarid qilinganidan keyin uni 3 yil davomida qayta boshqa shaxs nomiga o‘tkazish uchun oldi-sotdi, almashish yoki sovg‘a qilish shartnomasini notarial rasmiylashtirish uchun davlat boji miqdori eng kam oylik ish haqining 400 barobarini tashkil etadi.
Shu tariqa, yuqoridagi tartib asosida Toshkent shahri yoki viloyati hududidan xonadon sotib olganlar ko‘rsatilgan hududda doimiy propiskadan o‘tishga da’vogarlik qilishi mumkin bo‘ladi.
Izoh (0)