Ravshan Haydarov boshchilik qilayotgan O‘zbekiston U23 terma jamoasi kelasi yil Xitoyda bo‘lib o‘tadigan Osiyo chempionatida ishtirok etishni istasa, bugun kamida 1 ochko ishlab olishi kerak bo‘ladi.
BAA mezbonlik qilayotgan saralashning dastlabki ikki turida o‘zbekistonlik futbolchilar zafar quchishning uddasidan chiqa oldi. Dastlab Livan 3:1 hisobida taslim qilingan bo‘lsa, keyinroq Nepal mag‘lub etildi — 2:0.
O‘z navbatida BAA U23 ham 6 ochko to‘pladi. Mezbonlar Nepal ustidan 5:0 hisobida zafar quchdi, keyinroq Livanni 1:0 hisobida yengdi. Ular to‘plar nisbatiga ko‘ra guruhda yetakchi.
Reglamentga ko‘ra, saralashda 1-o‘rinni qo‘lga kiritgan termalar Osiyo chempionatiga aniq boradi. 10 ta guruhning 5 tasidan eng yaxshi 2-o‘rin egalari ham chiqadi.
Ayni vaqtda Ravshan Haydarov jamoasi peshqadam bo‘lishi uchun BAA ustidan zafar quchishi kerak. Durang natija ham katta ehtimol bilan O‘zbekiston termasini qit’a chempionatining finaliga yetaklashi mumkin.
Mag‘lubiyat esa vaziyatni og‘irlashtiradi. Qolgan 9 ta guruhda 6 ochko to‘plagan 2-o‘rin sohiblarining to‘plar nisbati O‘zbekistonnikidan yaxshiroq bo‘lsa, ular Osiyo chempionatiga borishi, O‘zbekistondan esa undan chetda qolishi mumkin.
BAA va O‘zbekiston o‘rtasidagi hal qiluvchi o‘yin bugun Toshkent vaqti bilan 19:25 da start oladi.
Izoh (0)