19-iyun kuni O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligida Abdulaziz Komilov raisligida Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetiga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Bu haqda TIV matbuot xizmati xabar bermoqda.
Yig‘ilishda Shavkat Mirziyoyevning “Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti faoliyati holatini o‘rganish va tubdan takomillashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish Ishchi guruhini tashkil etish to‘g‘risida”gi farmoyishiga ko‘ra, tashqi siyosat va tashqi iqtisodiy faoliyat sohalarida kadrlarni tayyorlash, diplomatik xizmat, ilg‘or xorij tajribasi va zamonaviy xalqaro standartlar asosida o‘qish jarayonini modernizatsiya qilish istiqbollari bilan bog‘liq masalalar ko‘rib chiqildi.
Yig‘ilishda JIDU rektori Abdumalik Jumanovning yetakchi xorij OTMlari bilan hamkorlik to‘g‘risidagi universitet tomonidan imzolangan ikki tomonlama hujjatlarni tatbiq qilishga oid ma’lumot tinglandi.
Jumladan, Buyuk Britaniyaning Lester universiteti bilan memorandumga ko‘ra JIDU qoshida xalqaro tadqiqot maktabini yaratish, Rossiyaning Moskva davlat xalqaro munosabatlar instituti bilan hamkorlik to‘g‘risidagi bitimga ko‘ra yangi ta’lim texnologiyalari va dasturlari, xususan, masofadan o‘qitish tizimini joriy etish bo‘yicha tomonlar tajribasini qo‘llash hamda Xitoyning Shanxay xalqaro tadqiqotlar universiteti bilan tuzilgan bitimga ko‘ra birgalikda tadqiqotlar o‘tkazish nazarda tutilgan.
Izoh (0)