Tornado chog‘ida gazon qirqayotgani aks etgan surati internetda tarqalgan kanadalik Teyunis Vessels ijtimoiy tarmoqlarda chinakam yulduzga aylandi, deb xabar beradi “Gazeta.ru”.
Virusli fotosurat muallifi — Vesselsning rafiqasi Sesiliya. Uning so‘zlariga qaraganda, erkak tornado haqida bilgan, ammo mutlaqo xavotirga tushmagan. U yaqindagina bu kabi tabiiy ofatlarga bag‘ishlangan seminarda ishtirok etgani bunga sabab bo‘lgan.
Shuningdek, tornado fotosuratda ko‘ringanidan ko‘ra ancha uzoqda — uydan 2 kilometr narida bo‘layotgani ma’lum. Bundan tashqari, tabiiy hodisa tezda tingani aytilmoqda.
Ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari Albertada ro‘y bergan tornado fotosurat qahramonining uyiga qadar yetib bormaganidan mamnunlik bildirmoqda. Shuningdek, ular Vesselsni “Gazon qirquvchilar Chak Norrisi” deb atamoqda.
Izoh (0)