Fuqarolarning dardini eshitish, murojaatlarini vaqtida ko‘rib chiqish va hal etish barcha mutasaddi rahbarlar oldida turgan eng muhim vazifa sifatida qo‘yilayotgani odamlarning ertangi kunga ishonchini mustahkamlamoqda. Bu Sharof Rashidov tumanida o‘tkazilgan sayyor qabulda barcha 45 murojaatning ijobiy hal etilganida o‘z ifodasini topdi, deb yozadi O‘zA.
“Olmachi” mahallasida yashovchi Sevara Husanova nogiron farzandi uchun nafaqa olish haqidagi murojaati, “Sovungarlik” mahallasidan Faxriddin Umarov ishga joylashishda yordam so‘rab, “Qulfisar” qishlog‘idan Sayyora Yoqubova turar joy, “Xayrobod” mahallasida yashovchi Abrorjon bankdan ta’lim krediti ajratish bo‘yicha murojaatlari sayyor qabulda qanoatlantirilganidan xursand.
Aslida bu murojaatlarning aksariyati tumanning o‘zida hal etiladigan masalalardir. Lekin ayrim rahbarlarning loqaydligi, mas’uliyatsizligi oqibatida fuqarolar Xalq qabulxonalariga kelishga yoki Virtual qabulxonaga murojaat qilishga majbur bo‘lmoqda. Sayyor qabul davomida bo‘lgan murojaatlar ham joylarda mahalliy davlat xokimiyati boshqaruv va xo‘jalik organlari tomonidan yo‘l qo‘yilayotgan kamchiliklarni ko‘rsatib berdi.
“Prezidentimizning Xalq qabulxonasi va Virtual qabulxonasiga tumanimizdan bo‘layotgan murojaatlarni o‘z vaqtida ko‘rib, hal etishga harakat qilmoqdamiz. Murojaatlarning tahlili qaysi sohalarda kamchiliklarga yo‘l qo‘yilayotganini yaqqol namoyon etdi. Ushbu sayyor qabul davomida bo‘lgan murojaatlar ham aholi bilan muloqotni yanada kuchaytirishimiz zarurligini ko‘rsatdi. Tuman rahbarlari qabul yakunlaridan o‘zlari uchun tegishli xulosa chiqardi”, — deydi Sharof Rashidov tumani hokimi S.Ismoilov.
Izoh (0)