Kichik hajmli kemalar bo‘yicha davlat inspeksiyasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi ixtiyoriga o‘tadi. Bunday o‘zgarish O‘zbekiston Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasining ekologiya va atrof muhitni himoya qilish bo‘yicha davlat qo‘mitasi faoliyatini tashkil etish ta’minoti chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida ko‘zda tutilgan, deb xabar beradi “Gazeta.uz”.
Qo‘mita matbuot xizmatining bildirishicha, inspeksiyaning bosh vazifasi suzish xavfsizligini ta’minlash, huquq-tartibot va atrof muhit muhofazasini mustahkamlash maqsadida suzish vositalari hamda mamlakatning barcha akvatoriyalaridagi turargoh bazalaridan to‘g‘ri foydalanilishi ustidan nazoratni amalga oshirishdir.
Inspeksiya barcha davlat, jamoa, xususiy, xorijiy korxonalarga, idora va tashkilotlarga, shuningdek, fuqarolarga tegishli bo‘lgan (maxsus mo‘ljal harbiy suzish vositalaridan tashqari) o‘ziyurar va boshqariladigan kemalarni ularning dvigateli quvvati va yuk ko‘tarish imkoniyatlaridan qat’iy nazar nazorat qiladi.
1993-yili Kichik hajmli kemalar bo‘yicha davlat inspeksiyasi Jismoniy tarbiya va sport bo‘yicha davlat qo‘mitasi qoshidagi Respublika ko‘p ixtisosli tezkor harakat markazidan Respublika ekologiya va atrof muhitni himoya qilish bo‘yicha davlat qo‘mitasiga topshirilgan hamda Hayvonot va o‘simlik dunyosini himoya qilish va oqilona foydalanish bo‘yicha davlat inspeksiyasi tarkibiga mustaqil inspeksiya huquqlarida kirgan edi.