Toshkentning “Bunyodkor” futbol klubi bugun — 8-may kuni Osiyo Chempionlar ligasi guruh bosqichining 6-turida maydonga tushadi.
“Al-Ayn”ga qarshi Amirliklarda bo‘lib o‘tadigan bellashuv Toshkent vaqti bilan 20:40 da start oladi va “Sport” telekanalida jonli namoyish etiladi.
“Bunyodkor”ni juma kuni Mirjalol Qosimov qabul qilib olgan bo‘lsa-da, uning o‘zi Amirlik safaridan tushib qolgan. OChL startida bosh murabbiy Sergey Lushchan bo‘lgani uchun, Qosimovni ro‘yxatga kiritish uchun vaqt tig‘iz edi. Shu boisdan klubni BAAga o‘z vaqtida uning qo‘li ostida to‘p surgan Viktor Karpenko hamda Xayrulla Karimov olib ketgan.
Ma’lumot uchun, Chempionlar ligasining guruh bosqichida ketma-ket to‘rt turni boy bergan “Bunyodkor” navbatdagi bosqichga chiqishdan umidini uzib bo‘lgan. Sergey Lushchan guruh bosqichidagi yagona bo‘lib qolgan g‘alabasiga ega chiqishi uchun 16 ta bellashuvni “qurbon” qilib yuborgandi.
Qosimov Chempionlar ligasining “Al-Ayn”ga qarshi o‘yini yakuniga yetgach, murabbiylik ishiga to‘liq kirishadi.
“Al-Ayn” Toshkentda “Bunyodkor”ni 3:2 hisobida mag‘lub etishga muvaffaq bo‘lgandi.
Izoh (0)