Osiyo Chempionlar ligasi guruh bosqichining 6-turidan joy olgan “Al-Ayn”ga qarshi bellashuvda “Bunyodkor”ga Viktor Karpenko murabbiylik qiladi, deb yozdi “Championat.asia” nashri.
“Qaldirg‘ochlar” ertaga — 6-may kuni Amirliklarga yo‘l oladi va 8-may kuni “Al-Ayn”ga qarshi o‘yinda maydonga tushadi. Tomonlarning Toshkentda o‘tgan birinchi uchrashuvida mehmonlar 3:2 hisobida g‘olib chiqqandi. Ayni paytda “Al-Ayn” 9 ochko bilan guruhni boshqarib turibdi.
“Bunyodkor”ga yangi tayinlangan bosh murabbiy Mirjalol Qosimovni qisqa vaqt ichida OChL ro‘yxatidan o‘tkazishga ulgurib bo‘lmaydi. Shu boisdan u Amirlik safariga bormaydi va klub guruh bosqichini yakunlab olganidan so‘ng ishga kirishadi.
“Bunyodkor” 4-turdan keyinoq OChL guruh bosqichidan muvaffaqiyatli o‘tish imkoniyatini yo‘qotib bo‘lgandi.