Bugun,

  • USD 11095.31
  • RUB 173.84
  • EUR 10772.44

2-may kuni O‘zbekistondagi Yevroittifoq delegatsiyasi rahbari Eduards Stiprays Prezident Shavkat Mirziyoyevga ishonch yorliqlarini topshirdi. 4-may kuni u Yevropa Ittifoqi elchisi sifatida birinchi matbuot anjumanini o‘tkazdi, deb xabar beradi “Novosti Uzbekistana”.

Foto: “Novosti Uzbekistana”

Foto: “Novosti Uzbekistana”

OAV vakillari oldidagi chiqishida Stiprays delegatsiyaning 2016-yil sentabridan buyon amalga oshirgan ishlari haqida batafsil gapirib berdi.

Uning fikricha, O‘zbekiston rahbariyati mamlakatni tashqi dunyo uchun ochiqroq qilish yo‘lida ishonch bilan qadam tashlamoqda. Bunday yondashuv O‘zbekiston va Yevroittifoq hamkorligini yanada faollashtirishi mumkinligi ta’kidlandi.

Elchi siyosiy hamkorlikning muhimligini qayd etib o‘tib, O‘zbekiston hukumati bilan muloqot shiddat bilan kengayib borayotganini mamnuniyat bilan ta’kidladi. Buning tasdig‘i sifatida Yevroittifoq rasmiy shaxslarining O‘zbekiston vazirlik va idoralari vakillari bilan muntazam aloqalari keltirildi.

“2016-yili bizning ikki tomonlama savdo balansimiz kam miqdorda tushib, 1,8 milliard yevroni tashkil etdi (2015-yilgi ko‘rsatkich — 1,837 milliard yevro). Yevroittifoq O‘zbekistonning besh eng yirik savdo hamkori qatoriga kirib, Xitoy, Rossiya va Qozog‘istondan keyin to‘rtinchi o‘rinni egalladi. Yevropa investorlari tomonidan O‘zbekistonga bo‘lgan qiziqish juda katta, buning tasdig‘i sifatida bu yerga turli mamlakatlar ishbilarmon jamoatchiligi vakillarining O‘zbekistonda biznes yuritish imkoniyatlarini o‘rganish maqsadida muntazam ravishda amalga oshirayotgan tashriflarini tilga olishimiz mumkin. Yevroittifoq O‘zbekiston hukumati tomonidan 2017–2021-yillar uchun rivojlanish Strategiyasi doirasida rejalashtirilgan iqtisodiy islohotlarni qo‘llab-quvvatlaydi”, — dedi Stiprays, “Novosti Uzbekistana” muxbirining iqtisodiy hamkorlik istiqbollari haqidagi savollariga javob berarkan.

“Mamlakatda bugun biznes yuritishdagi mavjud to‘siqlarning bartaraf qilinishi ishbilarmonlik va investitsion iqlim uchun yaxshi sharoitlarni yaratadi. Bu, o‘z navbatida, ko‘plab Yevropa firma va kompaniyalarining O‘zbekiston bozoriga kirib kelishiga xizmat qiladi va savdo-iqtisodiy hamkorligimizda yaxshi aks etadi”, — so‘zida davom etdi Stiprays.

“O‘zbekistonda mavjud valyuta siyosati investitsiyalar jalb etilishini to‘xtatib turibdi. Valyuta siyosatidagi o‘zgarishlar yevropalik investorlar uchun jiddiy ishora bo‘lib xizmat qiladi”, — deb xulosa yasadi elchi.

Izoh
Asosiy yangiliklar
Mahalliy
Aholining valyuta ayirboshlashga yoʻnaltirgan pul mablagʻlari hajmi 68 foizga oʻsdi — Markaziy bank
Mahalliy
Samarqandda 2 kishi ovqatdan zaharlanib vafot etdi
Mahalliy
Toshkentda avtobusning yurgan masofasiga qarab to‘lov qilish tizimi yo‘lga qo‘yiladi