Osiyo Chempionlar ligasini O‘zbekiston hududida translyatsiya qiluvchi MTRKning “Sport” telekanali 28-fevral — seshanba kuni 4 ta uchrashuvni efirga uzatishni rejalashtirgan. Shulardan 3 tasi to‘g‘ridan-to‘g‘ri namoyish etiladi va yana 1 tasi yozib olingan holda ko‘rsatiladi.
“Futbol taym” 15:20 dan boshlab “Ulsan Xyunday” (Janubiy Koreya) — “Brisben Roar” (Avstraliya) uchrashuvi bilan start oladi. Mazkur bellashuvning O‘zbekiston klublari yoki o‘zbekistonlik futbolchilar uchun aloqadorlik joyi yo‘q.
18:00 dan boshlab “Sport” “Bunyodkor” stadioniga ulanadi hamda “qaldirg‘ochlar”ning “Al-Ayn”ga qarshi o‘yinini ko‘rsatadi.
20:05 dan boshlab “Zob Ahan” (Eron) — “Al-Ahli” (Saudiya) o‘yini ko‘rsatiladi. Mazkur jamoalar “Bunyodkor” bilan bir guruhdan joy olgan bo‘lib, saudiyaliklar Sergey Lushchan jamoasini ilk turda 2 ta gol farqi bilan taslim qilgandi. “Al-Ayn” esa o‘z maydonida fors klubi bilan 1:1 hisobida durang o‘ynagan.
O‘zbekiston milliy terma jamoasi sardori to‘p suradigan “Shanxay SIPG” Toshkent vaqti bilan 16:30 dan boshlab Avstraliyaning “Vestern Sidney” klubini sinovdan o‘tkazadi. “Sport” bir hafta muqaddam jamoaning Seuldagi o‘yinini jonli ko‘rsatgandi, bugun esa Odil Ahmedovni ko‘rishni istaganlar kechasi 00:05 dan “Sport”ga ulanishi mumkin.
Aslida “Shanxay SIPG” o‘yini tugashi bilan “Bunyodkor” ishtirokidagi uchrashuv start oladi. Shundan kelib chiqilsa, Xitoydagi o‘yin Toshkentdagisiga ko‘p xalal bermasligi mumkin edi. “Sport” nima sababdan bunday qarorga kelgani, “Bunyodkor” o‘yini oldidan studiyaga mehmon chaqirilganmi yoki yo‘q — aniq emas.
Izoh (0)