Buyuk Britaniya qirollik saroyining sobiq qo‘riqchisi The Times gazetasiga Yelizaveta II bilan sodir bo‘lgan bir voqeani gapirib berdi. TJournal’ning bildirishicha, erkak tunda saroyda kezib yurgan qirolichani begona deb o‘ylab, otib qo‘yishiga bir baxya qolgan ekan.
Voqea qachon ro‘y bergani aniq aytilmayapti. Sobiq qo‘riqchining so‘zlariga qaraganda, Yelizaveta II uyqusizlikdan aziyat chekadi va shunaqa vaqtlarda saroy hududida aylanishni hush ko‘radi.
Bir kuni tungi soat 3:00 da qo‘riqchi qorong‘uda notanish kishini payqab, uni imladi. U qirolicha bo‘lib chiqdi.
“Jin ursin, Hazrati Oliyalari, sizni otib qo‘yishimga sal qoldi”, — deb hayqirib yubordi qo‘riqchi. U bunday so‘zlari uchun dakki eshitishini kutayotgan edi, ammo qirolicha sokin javob qaytardi: “Hammasi yaxshi. Keyingi safar meni otishingizga to‘g‘ri kelmasligi uchun sizga oldindan qo‘ng‘iroq qilib qo‘yaman”.
The Independent nashrining eslashicha, qirollik oilasi vakillari ilgari ham bunday holatlarga duch kelgan. Masalan, 2013-yili shahzoda Endryu saroy bog‘ida sayr qilib yurganida qurolli qo‘riqchilarga duch kelgan.
2013-yildan buyon qirollik qarorgohiga kirishga uringan uch kishi qo‘lga olindi.
Izoh (0)