Xitoyda Daimler AG avtokonserni yuk bo‘linmasi rahbari Rayner Gertner xitoylik fuqarolarga nisbatan irqchilik kayfiyatidagi so‘zlari uchun lavozimidan ozod etildi. Bu haqda South China Morning Post ma’lum qildi, deb yozadi “Korrespondent.net”.
Ma’lum qilinishicha, 20-noyabr kuni Pekin turar-joy komplekslaridan birida Gertner va mahalliy fuqaro o‘rtasida mojaro yuzaga kelgan. Bu Gertner boshqa haydovchi kirishga uringan joyga avtomobilini to‘xtatishga uringan paytda yuz bergan.
Shuningdek, Daimler’ning Xitoydagi yuk bo‘linmasi rahbari to‘planganlarni tarqatib yuborish uchun qalampirli ballonchikdan foydalanganligi ma’lum qilinmoqda. Ular nemisning so‘zlaridan norozi bo‘lib mojaro atrofida to‘plangan edi.
Tortishuv vaqtida Gertner bir yildan buyon Xitoyda yashayotganligi va mamlakatga kelib birinchi anglagan narsasi barcha xitoyliklar ablah ekanligini ma’lum qilgan. Mojarodan so‘ng Gertner va ikkinchi haydovchi politsiya uchastkasiga so‘roq qilish uchun keltirilgan.
Hodisadan so‘ng Daimler’ning Xitoydagi bo‘linmasi ariza bilan chiqib, unda kompaniya boshqaruvchini lavozimidan ozod etganligi va mazkur voqea tufayli yuzaga kelgan noqulaylik uchun uzr so‘rashini bildirgan.
Diqqat, diqqat! “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy kanali — “Toshqin ‘Daryo’”ga obuna bo‘lib, yangiliklardan ovozli ko‘rinishda bahramand bo‘lishingiz mumkin.
Izoh (0)