Futbol bo‘yicha Osiyo Chempionlar Ligasining kelasi mavsumi guruh bosqichiga faqatgina O‘zbekiston chempioni to‘g‘ridan-to‘g‘ri yo‘llanma oladi. 2015—2016-yilgi mavsumda bu ko‘rsatkich 3 tani tashkil qilayotgandi.
Mutaxassis Alisher Nikimbayev JCh—2018 saralash bosqichining 5-turidan keyin yo‘llanmalar soni deyarli hal bo‘lganiga oydinlik kiritdi. O‘zbekiston milliy terma jamoasi 2016-yil hisobidan o‘zining so‘nggi rasmiy o‘yinini o‘tkazib, mag‘lubiyatga uchradi. Mamlakat klublari xalqaro maydondan chiqib ketgan. Shu boisdan ham kvotalar sonining oshishiga umid qolmagan.
So‘nggi ikki mavsum O‘zbekiston 3+1 kvotasiga ega bo‘lib kelgan bo‘lsa, keyingi ikki yilda bu 1+2 ni tashkil qiladi. Mamlakat vitse-chempioni va Kubogi sohibi saralash bosqichidan o‘tsagina, guruh o‘yinlariga qo‘shilishi mumkin. BAA va Saudiyada bu ko‘rsatkich 3+1, Eron bilan Qatarda 2+2.
Bu borada BAA, Saudiya Arabistoni, Eron, Qatar kabi ligalar O‘zbekistondan ilgarilab ketdi. Kuvayt diskvalifikatsiya muddatini davom ettirmoqda. Iroq o‘z kvotalari sonidan foydala olmasa, uning yo‘llanmalari Eronga o‘tib ketadi.
Ma’lumot uchun, OFK klublar va terma jamoalarining xalqaro maydondagi ishtirokiga qarab, ularga ball berib boradi. O‘zbekiston jamoalari Osiyo Chempionlar Ligasining so‘nggi ikki mavsumida muvaffaqiyatsiz qatnashdi. “Bunyodkor”, “Paxtakor”, “Nasaf” klublari har ikki safar ham guruh bosqichidan o‘ta olmagan bo‘lsa, “Lokomotiv” 2016-yilgi mavsumda chorak finalga qadar yetib borgandi.
Izoh (0)