9-noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasidan nomzod Sarvar Otamuratovning Navoiy viloyatida saylovchilar va keng jamoatchilik bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda “Daryo”ga O‘zMTDP Navoiy viloyat kengashi axborot xizmati ma’lum qildi.
Uchrashuvda turli sohalar, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, xotin-qizlar, yoshlar, mahalla faollari, partiya a’zolari hamda OAV xodimlari ishtirok etdi.
Uchrashuv Navoiy viloyatining barcha tuman va shaharlaridagi saylovchilari bilan onlayn videokonferensiya orqali muloqot tarzida davom etdi.
Uchrashuvda nomzodning ishonchli vakili Anora Bobomurodova ishtirokchilarni Sarvar Otamuratovning tarjimai holi bilan tanishtirdi.
Shundan so‘ng Prezidentlikka nomzod Sarvar Otamuratov so‘zga chiqib, saylovoldi dasturida belgilangan ustuvor vazifalar yuzasidan nutq so‘zladi.
Nomzod milliy tiklanishdan milliy yuksalish sari ezgu g‘oyasi asosida iqtisodiyot, ijtimoiy, siyosiy, ma’naviy-ma’rifiy, sud-huquq, axborot, sport va tashqi siyosat sohalarida bir qator vazifalar belgilanganini ta’kidlab o‘tdi.
Sarvar Otamuratov dasturning ma’naviy-ma’rifiy sohasiga to‘xtalib o‘tar ekan, bu borada ishtirokchilarning e’tiborini davlat tili masalasiga qaratdi. Dasturda til millatning eng oliy qadriyatidir, deb belgilangan. Shundan kelib chiqib, qadimiy va boy tarixga ega bo‘lgan, mustaqillik tufayli qadr-qimmati tiklangan, hozirda kechayotgan globallashuv davrida zamonaviy taraqqiyotning barcha sohalari talablariga javob beradigan til rivojini yangi bosqichga ko‘tarish, davlat tili sifatidagi maqomini mustahkamlash va uning to‘la amal qilishiga erishish, til madaniyatini yanada yuksaltirishga yo‘naltirilgan chora-tadbirlar majmuasini ishlab chiqish zarurligi ta’kidlandi.
Uchrashuvda nomzod ta’kidlaganidek, saylovoldi dasturida iqtisodiyot sohasida “Xalqning milliy tiklanishi — iqtisodiy islohotlarning negizidir” tamoyili asos qilib olingan. Ma’lumki, Navoiy viloyati respublikaning boshqa hududlariga nisbatan o‘zining istiqbolli ishlab chiqarish, gigant sanoat korxonalari faoliyati bilan alohida nufuzga ega.
Navoiy erkin iqtisodiy zonasida bugungi kunda yaratilgan qulay investitsion muhit natijasida Janubiy Koreya, Buyuk Britaniya, Italiya, Xitoy, BAA, Hindiston, Singapur, Rossiya bilan hamkorlikda 24 loyiha muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda. Shu kungacha kiritilgan investitsiyalarning hajmi 124,2 million dollarni tashkil etib, uning 34,2 million dollari to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar hisoblanadi. Mavjud korxonalarda 100 turdan ortiq mahsulot ishlab chiqarilib, uzluksiz eksport yo‘lga qo‘yilgan.
Sanoati rivojlangan Navoiy viloyatida amalga oshirilgan islohotlar to‘g‘risida gapirar ekan, nomzod erishilgan yutuqlar bilan bir qatorda kelgusida qilinishi lozim bo‘lgan vazifalarga ham e’tibor qaratdi.
Nomzod qayd etib o‘tganidek, bugun dunyo bozorida raqobatbardosh hamda transmilliy kompaniyalar iqtisodiyot timsoliga aylanmoqda. Shundan kelib chiqib, Navoiy erkin iqtisodiy zonasida transport-logistika tarmog‘i imkoniyatlaridan foydalanishni kengaytirish lozim. “O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan” belgisi ostida jahon bozoriga mahsulot yetkazib berishga qaratilgan tizimli chora-tadbirlarni davom ettirish, import o‘rnini bosadigan mahalliy xomashyo asosida mahsulot ishlab chiqaruvchilarni samarali qo‘llab-quvvatlash, jumladan, ular uchun soliq miqdorini kamaytirish, bojxona imtiyoz va preferensiyalari, imtiyozli subsidiyalar va boshqa shakllardagi davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash choralarini joriy etish ustuvor vazifalardan biridir.
Uchrashuvda nomzod saylovoldi dasturining boshqa sohalari xususida ham atroflicha to‘xtalib o‘tdi. Sarvar Otamuratov ilgari surayotgan vazifalar saylovchilarda katta qiziqish uyg‘otdi. Ayniqsa Navoiy viloyatida madaniy meros obyektlarini to‘liq xatlovdan o‘tkazib, hisobga olish ishlarini takomillashtirish, muzeylar, arxivlar, kutubxonalarda va boshqa joylarda saqlanayotgan, madaniy meros obyekti belgilariga ega bo‘lgan eksponatlar, kolleksiyalar va arxiv hujjatlarini to‘liq toifalashtirish va bu boradagi qonunchilikni yanada takomillashtirish masalalariga e’tibor qaratilgani saylovchilar tomonidan e’tirof etildi.
Uchrashuvda nomzodning dasturini qo‘llab-quvvatlab Xalq deputatlari Navbahor tuman Kengashi deputati F. Rajabov, “Uchquduq” gazetasi bosh muharriri R. Qodirova va boshqalar so‘zga chiqdi.
Tadbir so‘ngida Sarvar Otamuratov ishtirokchilar tomonidan uning tarjimai holi va saylovoldi dasturi yuzasidan berilgan bir qator savollarga javob berdi.
Izoh (0)