Futbol bo‘yicha Argentina terma jamoasi bosh murabbiyi Edgardo Bausa mamlakat termasi hamda “Barselona” klubi hujumchisi Lionel Messi haqida o‘ylaganini so‘zlashini ma’lum qildi, deb xabar bermoqda “Chempionat”.
“Ha, mening so‘zlarim bahsga sabab bo‘ldi. Bu gaplar ig‘vo keltirib chiqarishidan qat’i nazar men Messi haqida haqiqatni va o‘ylaganimni so‘zlashda davom etaman. ‘Barselona’ bilan janjal qilishni istamayman. Nima uchun men jim o‘tirishim kerak? Messining jarohatini Luis Enrike bilan muhokama qilish borasida menda muammo yo‘q. Lionelning jarohati haqida hech kim mendan ko‘ra yaxshiroq bilmaydi. Men ham shu kabi jarohatdan 4 yil aziyat chekkanman va jamoadoshlarimdan zinaga chiqishda yordam so‘raganman”, — dedi Bausa.
Lionel Messi “Atletiko”ga qarshi (1:1) Ispaniya chempionati 5-turida sonining ichki tomonidan shikastlab, 3 haftaga safdan chiqqan edi. Jarohati tufayli 29 yoshli futbolchi JCh—2018 saralash bahslari doirasida milliy termasining Peru va Paragvayga qarshi o‘yinlarida ham maydonga tusha olmasligi ma’lum bo‘lgandi.
Argentina terma jamoasi murabbiyi Messining jarohatida “Barselona” klubini aybladi. Kataloniyaliklarga Bausaning so‘zlari yoqmadi va Argentina futbol assotsiatsiyasi murabbiyning gaplari uchun uzr so‘radi.
Izoh (0)