Futbol bo‘yicha O‘zbekiston Oliy Ligasi 21-tur uchrashuvlari O‘zbekiston Birinchi Prezidenti Islom Karimov xotirasiga bir daqiqalik sukut bilan boshlanadi. Bu haqda O‘zbekiston Futbol Federatsiyasi matbuot xizmatining Telegram’dagi kanalida axborot berilgan.
O‘zbekiston Professional futbol ligasi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, Oliy Liga 21-tur uchrashuvlari 9—10-sentabr kunlari bo‘lib o‘tadi.
Xususan, 9-sentabr kuni “Metallurg” — “Paxtakor”, “Qizilqum” — “Qo‘qon-1912”, “Nasaf” — “Buxoro”, “So‘g‘diyona” — “Andijon”, “Navbahor” — “Olmaliq”, “Lokomotiv” — “Sho‘rtan”, “Neftchi” — “Mash’al” uchrashuvlari, 10-sentabr kuni esa “Bunyodkor” — “Obod” bahsi bo‘lib o‘tadi.
Eslatib o‘tamiz, futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasining 6-sentabr kuni JCh—2018 saralashi doirasida Qatarga qarshi o‘tkazgan o‘yini oldidan ham Islom Karimov xotirasiga bir daqiqa sukut saqlandi, o‘zbekistonlik futbolchilar esa qora bog‘ichda to‘p surdi.
Diqqat, diqqat! “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy kanali — “Toshqin ‘Daryo’”ga obuna bo‘lib, yangiliklardan ovozli ko‘rinishda bahramand bo‘lishingiz mumkin.