Toshkentdagi Temuriylar tarixi davlat muzeyida O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi tomonidan “Tarixiy sozlarning sehrli sadosi” mavzuida ko‘rgazma ochildi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.
Tadbirda muzey direktori X. Fayziyev va boshqalar ishtirok etdi.
Ko‘rgazmada andijonlik mohir usta Abdumalik Madraimovning shaxsiy kolleksiyasidan o‘rin olgan qirqdan ziyod buyum namoyish etilmoqda.
Kolleksiyadagi cholg‘u asboblari ikki davrga bo‘lingan: birinchisi temuriylar davrining tarixiy tiklangan sozlari, ikkinchisi esa mustaqillik yillarida temuriylar davri sozgarligi an’analari davom ettirilishi natijasida yaratilgan namunalar.
A. Madraimov O‘zbekiston davlat konservatoriyasini tamomlagan. “Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivali, turli simpoziumlar va boshqa tadbirlarda cholg‘u sozlar kolleksiyasi bilan faol qatnashib kelmoqda.
Usta IX–XVI asrlarda yaratilgan, keyinchalik unutilib ketgan mumtoz musiqa asboblarini qaytadan tiklab kelmoqda hamda ularning yangi zamonaviy nusxalarini yaratish bilan shug‘ullanmoqda. Hunarmandning samarali ijodiy mehnati va izlanishi natijasida g‘ijjak Boburiy, dilrabo, dilnavo, meros, xushnavo, qo‘shtor, changi qaqnus deb nomlangan sozlar yaratildi.
A. Madraimov yaratgan mumtoz sozlarning eng saralari Temuriylar tarixi davlat muzeyi, Andijondagi Bobur va jahon madaniyati muzeyining doimiy ko‘rgazmasi, Angliya qirollik muzeyi, Yaponiya san’at muzeylaridan o‘rin olgan, dunyoning 43 davlatiga eksport qilingan.
Mohir usta yuzdan ortiq shogirdiga hunarmandlik sir-asrorlarini o‘rgatib kelmoqda.
Izoh (0)