“Ma’naviyat” nashriyoti tomonidan “Prezidentga maktublar” kitobining navbatdagi — to‘rtinchi jildi chop etildi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.
Ushbu kitobdan 2013–2016-yillar davomida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov nomiga mamlakat va xorijiy davlatlar fuqarolari hamda nufuzli xalqaro tashkilotlarning rahbarlari, taniqli siyosatchilar, jamoat arboblari tomonidan kelgan xatlar va ularga javob maktublaridan ayrim namunalar o‘rin olgan.
Ushbu xatlarning asosiy qismida ko‘rsatilgan mehr-oqibat va yaxshilik, e’tibor va g‘amxo‘rlik uchun O‘zbekistonga, uning xalqiga, Prezidentga samimiy minnatdorlik tuyg‘ulari ifoda etilgan. Mazkur kitobda jam bo‘lgan xatlarda oddiy maktab o‘quvchisidan tortib ko‘pni ko‘rgan tajribali insonlargacha, ishchi va muhandislar, dehqon va fermerlar, tadbirkor va ishbilarmonlardan tortib shifokor, muallim va murabbiylargacha, ilmiy-ijodiy soha vakillaridan tortib harbiy xizmatchilargacha, qisqasi, butun xalqning ovozi baralla eshitilib turadi, deyiladi xabarda.
Maktub mualliflari orasida xorijiy davlatlarning fuqarolari, atoqli davlat va siyosat arboblari ham bor. Bunday xatlarda tinchlik va xavfsizlikni saqlash, O‘zbekiston bilan chet davlatlar hamkorligining turli qirralari, O‘zbekiston xalqining qadimiy va boy tarixi, uning jahon sivilizatsiyasi rivojiga qo‘shgan hissasi, Markaziy Osiyo mintaqasi va jahon miqyosidagi dolzarb masalalar yechimi bo‘yicha Prezident Islom Karimov tomonidan ilgari surilayotgan amaliy taklif va xulosalarning ahamiyati haqida so‘z boradi.
Izoh (0)