Xitoyning Batie futuristik avtobusi sinovlari hukumat roziligisiz o‘tkazilgan bo‘lib, bu moliyaviy qalloblikning bir qismi bo‘lishi mumkin. Bu haqda, Xitoy matbuotidagi xabarlarga tayanib, “Vedomosti” ma’lum qildi.
3-avgust kuni Xitoyda TEB-1 portalli (yer usti) avtobusining sinovlari o‘tkazildi. Mazkur avtobus konstruksiyasi uning ostidan boshqa transport o‘tishiga imkon beradi. Avtobusning uzunligi — 22 metr, kengligi — 7,8 metr, balandligi — 4,8 metr, sig‘imi — 300 kishi. Ilk sinov harakati Xebey provinsiyasidagi Sinxuandao shahrida o‘tkazildi.
TEB-1 ikkita tayanchga ega bo‘lib, har biri uchun maxsus relslar yotqiziladi. Avtobusning kengligi bois uning ostidan ikki yo‘nalish bo‘yicha transport o‘tishi mumkin bo‘ladi. Muhandislar shu tariqa yo‘llardagi tirbandliklarni bartaraf etishni rejalashtirgan edi.
Global Times nashrining bildirishicha, Sinxuandao shahri rivojlanish va islohotlar qo‘mitasi TEB Batie loyihasi bo‘yicha hech qanday talabnoma olmagan. Bundan tashqari, gazetaning qo‘mitadagi manbasi avtobus sinovlari haqida hech narsa bilmasligini uqtirgan.
OAV xabarlariga ko‘ra, Batie Huaying Kailai internet-kreditori yordamida bondlar chiqarish yo‘li bilan kapital jalb qila boshladi. Jurnalistlar gap moliyaviy qalloblik haqida ketayotganini taxmin qilmoqda. Bu noaniqliklar ortidan China Daily hukumatni surishtiruv o‘tkazishga chaqirdi.
Izoh (0)