London–2012 Olimpiada o‘yinlari davomida olingan doping-probalarning qayta tekshiruvidan so‘ng to‘rt nafar rossiyalik og‘ir atletikachining namunasida taqiqlangan preparatlar borligi aniqlandi. Bu haqda Xalqaro og‘ir atletika federatsiyasi matbuot xizmati ma’lum qildi, deb xabar bermoqda “Interfaks”.
Qayta tekshiruvdan so‘ng doping namunasi ijobiy chiqqan sportchilar ro‘yxatiga Aleksandr Ivanov, Andrey Demanov, Natalya Zabolotnaya va Svetlana Sarukayeva kiritildi. Qayd etish kerakki, Ivanov, Zabolotnaya va Sarukayeva London–2012 Olimpiadasining kumush medallarini qo‘lga kiritgan. Yuqorida nomi keltirilgan sportchilarning hech qaysi biri Rossiya olimpiya termasining Rio–2016 o‘yinlari uchun tarkibiga kirmagan.
Avvalroq Xalqaro olimpiya qo‘mitasi qayta tekshiruvlarning ikkinchi bosqichida Pekin–2008 Olimpiadasida sportchilardan olingan doping namunalarining 30 tasi, London–2012 Olimpiadasida sportchilardan olingan doping namunalarining 15 tasi ijobiy chiqqani haqida e’lon qilgandi.
Izoh (0)