Kantar Worldpanel tahliliy kompaniyasi ma’lumotlariga qaraganda, 2016-yilning ikkinchi choragida AQShda smartfonlar xaridining 29 foizi Apple’ga, 37 foizi esa uning asosiy raqibi — Samsung’ga to‘g‘ri keldi. Bu haqda 3DNews xabar bermoqda.
Samsung’ning flagman modellari — Galaxy S7 va S7 edge amerikaliklar tomonidan 16 foiz holatda, Apple iPhone 6s va 6s Plus esa 14,6 foiz holatda xarid qilindi. Taxminlarga ko‘ra, Apple’ning ortda qolishi uning muxlislari va xaridorlari iPhone 7 anonsini kutayotgani bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin.
Bundan tashqari, hisobot davrida iste’molchilarning 14 foizi Samsung’dan Apple’ga o‘tdi, iPhone’dan voz kechib, Janubiy Koreya kompaniyasi smartfonlariga o‘tganlar soni esa 5 foizni tashkil qildi. Shunga qaramay, Apple o‘z mamlakatida xarid ko‘rsatkichlari bo‘yicha asosiy raqibidan ortda qoldi.
Yaqin bir yil ichida smartfonini almashtirishni rejalashtirayotgan Apple egalarining 88 foizi shu kompaniyaga sodiq qolish niyatini bildirdi. Samsung’da bu ko‘rsatkich 86 foizni tashkil etdi.
Izoh (0)