2016-yil 16-may kuni “Elektron hukumat” markazi va “O‘zbektelekom” AK UzMobile filiali o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risidagi memorandum imzolandi. Bu haqda “InfoCom.uz” xabar beradi.
Mazkur memorandum aholi va tadbirkorlik subyektlariga davlat xizmatlarini sifatli taqdim etish hamda davlat organlari faoliyati samaradorligini oshirish maqsadida yuqorida nomlari qayd etilgan tomonlarning o‘zaro hamkorligini belgilab beradi.
Memorandumga muvofiq, taraflar arizachining so‘rovini ko‘rib chiqish holati va xizmat ko‘rsatish natijalari haqidagi ma’lumotlarni SMS-xabarnoma orqali xabardor qilishni joriy etish va amalga oshirish sohasida hamkorlik qiladi. Shuningdek, birgalikda Mobil ID tizimini yaratish va yaxshilash hamda Mobil ERI (elektron raqamli imzo) tizimini ishlab chiqish va joriy etish ham ko‘zda tutilgan.
“Elektron hukumat” markazi mazkur yo‘nalishni yanada samarali rivojlantirish maqsadida boshqa tashkilotlar bilan birga ochiq hamkorlik qilishga tayyorligini ma’lum qildi.
Izoh (0)