2013-yilda Qozon shahri aeroportida halokatga uchragan Boeing uchuvchisining soxta uchuvchilik guvohnomasi bo‘lgan. Bu haqda Rossiya Tergov qo‘mitasi rahbari Aleksandr Bastrikinning bayonotiga tayanib, “RIA Novosti” xabar beradi.
“Qozondagi aviahalokat yuzasidan jinoiy ish bo‘yicha surishtiruv davomida havo kemasi komandiri soxta fuqarolik aviatsiyasi uchuvchisi guvohnomasiga ega bo‘lganligi aniqlandi. Shuningdek, tegishli diplomni tergov tomonidan aniqlangan shaxsdan 2009-yilda qo‘lga kiritgan”, — dedi Bastrikin.
“2013-yilda, ushbu halokat yuz bergan paytda, Transport vazirligi tomonidan guvohnomalar berishni tartibga soluvchi eski hujjatlar bekor qilingan, yangilari esa hali ishlab chiqilmagan edi. Natijada yuzaga kelgan huquqiy bo‘shliq uchuvchiga soxta hujjatlar bilan ishga joylashish imkonini bergan”, — deb tushuntirish berdi boshqarma boshlig‘i.
“Tatariston” aviakompaniyasiga qarashli Boeing 737 yo‘lovchi samolyoti 2013-yilning 17-noyabr kuni Qozon aeroportiga qo‘nishda halokatga uchragan edi. Aviahalokat samolyotdagi barcha 50 kishini hayotdan olib ketgan.
Izoh (0)