Futbol bo‘yicha Ispaniya milliy terma jamoasi va Madridning “Real” klubi sobiq hujumchisi Raul Gonsales Nyu-Yorkda o‘zbekistonlik talaba bilan selfiga tushdi. Bu haqda Raul bilan selfiga tushgan Sherzod G‘aybullayevning o‘zi blogida ma’lum qilgan.
Uning yozishicha, Manxetten avenyularidan birida ketayotganida, hamrohi qarshi tarafdan Raul Gonsales kelayotganini ko‘rib qolgan. Sherzod G‘aybullayev hamrohi bilan Raulni to‘xtatib, undan birgalikda suratga tushishni so‘ragan.
“Men rasmga olayotganimda, telefonim ozgina pand berdi. Vaqti tig‘iz bo‘lgan futbol yulduzini bir daqiqadan ortiq vaqtini oldim. Do‘stining qistoviga qaramay, kameramning ishlashini kutgan, buning uchun uning o‘zi ham telefonim ekranidagi tugmani bosib ko‘rgan Raulga nisbatan hurmatim ortdi”, — deb yozadi Sherzod G‘aybullayev.
Ispaniyalik eng taniqli futbolchilardan biri hisoblangan Raul Gonsales 2015-yil 16-noyabr kuni professional futbolchilik faoliyatidagi so‘nggi o‘yinni o‘tkazdi va faoliyatini yakunladi. U Madridning “Real” klubidan tashqari, Germaniyaning “Shalke-04”, Qatarning “As-Sadd” va AQShning “Nyu-York Kosmos” jamoalarida ham to‘p surgan.
Izoh (0)