Ular teatr maktablarida o‘qimagan va bolalikdan suratga olish maydonchalarida o‘smagan. Ular shunchaki kerakli joyda kerakli vaqtda bo‘la olgan. AdMe vaziyat amri bilan Gollivudga tushib qolgan ba’zi yulduzlar haqida hikoya qildi.
Duradgor Xarrison Ford kinostudiyadagi eshiklarni almashtirayotgan vaqtda unga rejissor Jorj Lukas e’tibor qaratgan.
Styuardess Evanjelin Lilli parvozdan so‘ng uyga qaytayotganida tasodifan model agentligi xodimi e’tiboriga tushgan.
Yosh musiqachi Uill Smit mashinada adashib qolib, o‘tkinchidan yo‘lni so‘ragan. O‘tkinchi Uorner Brazers vitse-prezidenti bo‘lib chiqqan.
Toni Brekston yoqilg‘i shoxobchasida navbatda turib, qo‘shiq xirgoyi qilayotganida, undan keyin turgan erkak unga tashrif qog‘ozini uzatgan va sinovga taklif qilgan.
Bryus Uillisni kichkinaligida duduqlanib gapirgani tufayli masxara qilishgan. Shunda bolakay: yoki bir umrga omadsiz odam bo‘lib qolaman, yoki o‘z-o‘zimni yengaman, deya qaror qilgan. Va maktab teatriga a’zo bo‘lgan.
O‘n bir yoshli Natali Portman raqs darsidan so‘ng pitssaxonada o‘tirganida, uni agent ko‘rib qolgan va fotosessiyada qatnashishga taklif qilgan.
Klint Istvud mo‘jiza tufayli aviahalokatdan omon chiqqach, uni yangiliklar teledasturiga taklif etishgan, shunda u agentlar e’tiboriga tushgan.
Jeyson Steytem London ko‘chalarida taqinchoqlar va atirlar bilan savdo qilgan. Uni savdo markazlaridan birida ko‘rib qolib, FCUK brendi reklama kampaniyasiga taklif qilishgan.
Stiven Sigal aykido bo‘yicha murabbiylik qilgan. Uning agentlik bilan shug‘ullangan shogirdlaridan biri unga o‘zini kinomaydonda sinab ko‘rishni taklif etgan.
Yosh Rozario Douson Manxettendagi osmono‘par binolardan birining zinalarida o‘tirgan vaqtida binodan chiqayotgan ssenariynavislar e’tiboriga tushgan va ular qizni kinoda suratga tushishga taklif qilgan.
Ofitsiant Kris Prattga yemakxonadagi smenasi chog‘ida kinoagent e’tibor qaratgan.
Olti yoshli Nik Jonas sartaroshxonada onasini kutib o‘tirib, zerikkanidan qo‘shiq kuylagan, shunda uni o‘z navbatini kutib o‘tirgan ayol eshitib qolib, o‘zining tanish agentiga qo‘ng‘iroq qilgan.
Go‘zal Yeva Mendes fotosuratchi qo‘shnisiga portfolio yaratishda yordam bermoqchi bo‘lgan. Suratlar model agentligiga borib yetgan.
Eshton Katcher barda o‘tirgan vaqtida notanish kimsa unga modellik tanlovida qatnashishni taklif qilgan. Eshton omadini sinab ko‘rishga qaror qilgan va yutib chiqqan.
Oddiy zavod ishchisi Merilin Monro harbiy korxonada samolyotlar uchun olovga chidamli moddani eritayotgan edi. Uning aynan zavod ishchisi ko‘rinishidagi surati birinchi marta jurnalda chop etildi va u shu tariqa agentlar e’tiboriga tushdi.