“Navoiyazot” AJ tarkibida Mitsubishi Heavy Industries va Mitsubishi Corporation bo‘lgan yapon kompaniyalari konsorsiumi bilan ammiak va karbamid ishlab chiqarish bo‘yicha kimyo majmuasini qurish bo‘yicha “foydalanishga to‘liq topshirish” sharti bilan bitim imzoladi, deb xabar bermoqda “Gazeta.uz”.
Bitim shartlariga binoan, yiliga 660 ming tonna ammiak va 577,5 ming tonna karbamid ishlab chiqarish va dunyoning yetakchi litsenziarlari texnologiyalarini joriy etish ko‘zda tutilgan. Jumladan, ammiak bo‘yicha Daniyaning Haldor Topsøe va karbamidni sintez qilish va donalashtirish bo‘yicha Italiyaning Saipem kompaniyasi mahsulotlari, Gollandiyaning Uhde Fertilizer Technology uskuna-jihozlar jalb etiladi.
“O‘zkimyosanoat” matbuot xizmati xabariga ko‘ra, loyihani moliyalashtirish manbalari etib O‘zbekiston taraqqiyot va tiklanish jamg‘armasi kredit resurslari va korxonaning o‘z mablag‘lari belgilangan. Yapoyaning xalqaro hamkorlik banki (JBIC) kreditlarini jalb etish masalasi ustida ham ish olib borilmoqda. Loyiha qiymati 800 million dollarga baholangan.
Izoh (0)